Amirxon Murodov: “Faqat g‘alaba va Vatanimiz sha’ni uchun kurashdik”

O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi tarkibida yurtimiz sharafini himoya qilgan futbolchilar orasida ikki nafar samarqandlik sportchi - paxtachilik Amirxon Murodov va oqdaryolik Faridjon Abdullayev ham bor.
Joriy yilning 20 aprel kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi Osiyo kubogi finalida Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida yengib, ikki karra Osiyo chempioni bo‘ldi.
O‘zbekistonning ushbu turnirdagi ilk g‘alabasi 2012 yilda bo‘lgandi. G‘alabadan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilovni «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni va futbolchilarni «Kelajak bunyodkori» medallari bilan taqdirladi. Shuningdek, chempionlarga Prezident sovg‘asi — avtomobillar ham topshirildi.
Farzand yutug‘i ota-ona uchun eng katta baxt
Amirxon Murodov 2008 yilda Paxtachi tumanining Dobusqal’a mahallasida tug‘ilgan. Tumandagi 35-umumta’lim maktabida tahsil olgan. Paxtachi tumani sport maktabi treneri Shohruh Bobosherov qo‘li ostida 2018 yildan futbol bilan shug‘ullanishni boshlagan. Amirxonni o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahallada va tahsil olgan Samarqand futbol akademiyasida ham tantanali kutib olishdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarda tuman hokimligi va viloyat sport boshqarmasi mas’ullari, chempionning oila a’zolari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Chempionning shijoati, yutuqlari, ota-onasi va ustozlarining xizmatlari alohida e’tirof etildi.
- O‘g‘lim yoshligidan matematika va ingliz tili faniga qiziqardi, - deydi Amirxonning onasi Hilola Xolmurodova. - O‘qituvchi bo‘lganim uchunmi, o‘zim ham o‘g‘limni ko‘proq ilm o‘rganishini istardim va doim nazorat qilardim. Lekin u 8-sinfligidan futbolga mehr qo‘ydi. Otasi bilan kelishib futbol to‘garagiga berdik. Tumandagi sport maktabi murabbiyi Shohruh Bobosherov qo‘li ostida shug‘ullanib, Samarqand futbol akademiyasiga qabul qilindi. Ko‘p o‘tmay, Navoiy viloyatida 15 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Samarqand jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘shanda o‘g‘lim Islombek Ismoilov e’tiboriga tushib, dastlab "Paxtakor" futbol akademiyasiga, keyin U-17 terma jamoasiga chaqirildi.
Osiyo kubogi o‘yinlariga kelsak, oson bellashuv bo‘lmadi. Jumladan, final bahsi juda hayajonli, qiyin va asabiy uchrashuv bo‘ldi. Ayniqsa, ikkita qizil kartochkadan keyin yutqazib qo‘yishmasin deb yuragimni hovuchlab o‘tirdim. Lekin futbolchilarimiz iroda ko‘rsatib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ular orasida farzandimning ham borligi, Prezidentimiz tomonidan davlat mukofoti bilan taqdirlanishi va jahon chempionatiga yo‘llanma olingani biz uchun faxr, eng katta baxt.
“Faqat g‘alaba va Vatanimiz sha’ni uchun kurashdik”
Amirxon Murodov mezbon Saudiyaga qarshi final o‘yini va 9 kishi bo‘lib qolishganidan keyin murabbiyning tanaffusda nimalar degani haqida gapirib o‘tdi.
- Jamoadoshlarimiz bilan har bir o‘yinda faqat g‘alaba va Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilish uchun maydonga tushdik, - deydi markaziy himoyachi Amirxon Murodov. - Birinchi bo‘limda ikkita chetlatishdan keyin ham o‘zimizni yo‘qotmadik. Tanaffusda bosh murabbiy "Yigitlar, o‘yinni qutqara olasizlarmi, bizga butun O‘zbekiston ko‘z tikib turibdi. Men sizlarga ishonaman, siz g‘alabaga haqli", dedi. Biz ham oxirgi daqiqalargacha O‘zbekiston uchun faqat g‘alaba qozonamiz va buni uddalaymiz deb va’da berib, amalda isbotladik. Endi noyabr oyida Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlaymiz va eng yaxshi natijalar, yorqin g‘alabalar uchun maydonga tushamiz.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 22-raqam ostida to‘p tepgan hujumkor yarim himoyachi Faridjon Abdullayev Oqdaryo tumanidagi Amir Temur mahallasida tug‘ilgan. Dastlab tumandagi 45-umumta’lim maktabida o‘qigan. Otasi Nodir Tilavov harbiy sohada xizmat qilayotganligi bois Faridjon oilasi bilan Toshkentda yashaydi. Hozirda Toshkent shahridagi futbol akademiyasida Asatillo Nabiyev qo‘li ostida mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.