Bozorlarda korrupsiya bo‘lmasligi kerak

Viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan “Sam-bozor” (raqamli bozor) dasturi amaliyotga joriy qilinib, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda raqamli “elektron aloqa” tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Xo‘sh, nega bu yangilikka qo‘l urildi?
Viloyatda 47 ta bozor, 12 ta savdo kompleksi mavjud bo‘lib, ularning asosiy ulushdori hokimlik bo‘lsa-da, soha mahalliy hokimlik, soliq inspeksiyalari va boshqa mutasaddilar e’tiboridan chetda qolgan.
Bozor va savdo komplekslarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlab, ularni bartaraf etish imkoniyati yo‘q. Misol uchun, “Past Darg‘om meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 2024 yilning 9 oyida 11 ta jinoyat sodir etilgan.
Savdoni amalga oshirish va bir martalik yig‘imlarni yig‘ishda onlayn nazorat kassa-mashinalari, to‘lov terminali, bank plastik kartasi qo‘llanilmasdan, naqd puldan, soxtalashtirish mumkin bo‘lgan eskicha - “patta”lardan foydalanilmoqda.
Tadbirkorlar yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lgani holda savdo faoliyatini amalga oshirishi, ushbu jarayonda qonuniylikka mas’ul soliq inspeksiyasi xodimlari bo‘lsa-da, mutasaddilar o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi oqibatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan yoki guvohnomasini to‘xtatib, tugatib ishlash odat tusiga kirgan.
Belgilangan joylardagina savdo qilish, bir martalik yig‘imni to‘lash tartibini buzuvchi shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llash lozim bo‘lsa-da, aksariyat hududlarda bozorga kirish joylarida ko‘cha savdosi avj olgan.
Do‘konlarning aksariyatida mulkdorlar emas, ular bilan og‘zaki kelishuvi mavjud bo‘lgan tadbirkorlar faoliyat olib bormoqda. Oqibatda ijara shartnomalari soliq idoralaridan ro‘yxatdan o‘tmasdan, byudjetga tushishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha manbalar yo‘qotilmoqda.
Tadbirkorlardan to‘lovlarni oyma-oy undirish imkoni bo‘lmayotganligi, ular belgilangan me’yordan ortiq iste’mol uchun oshirilgan miqdordagi to‘lovlar to‘lamasligi bozor zarariga ishlashi bilan bir vaqtda korrupsiyaga yo‘l ochmoqda. Energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi uskunalar o‘rnatilmaganligi oqibatida tushumlarning katta qismi elektr energiyasi uchun sarflanmoqda.
Umuman, viloyatdagi bozorlarning 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli bo‘lsa-da, tushumlar va xarajatlarni nazorat qilib, bu haqda hokimliklarga hisobot topshirish mexanizmi yo‘q.
Nazoratsizlik oqibatida sanitariya holati, hududni obodonlashtirish va yong‘in xavfsizligi talablariga mutlaqo rioya qilinmayapti.
Muammolarni bartaraf qilish maqsadida birinchi navbatda sohaga mas’ul idoralardan ishchi guruh tashkil qilinib, qonun buzilishi holatlari nisbatan ko‘p bo‘lgan Past Darg‘om tumanidagi bozorlar tanlab olindi.
Bozor va unga tutash hududlardagi 40 dan ortiq noqonuniy qurilmalar buzdirilib, 8500 kvadrat metr qismi betonlashtirildi. 6 kilometr ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizilib, 2 ta avtoturargoh barpo qilindi.
2 ta transformator va 10 kilometr elektr tarmog‘i ta’mirlanib, 20 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, mavjud 152 ta do‘kon alohida abonent sifatida tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzdi.
Ma’muriyat uchun 53 kVt akkumulyatorli quyosh paneli o‘rnatilib, to‘liq energiya mustaqilligi ta’minlandi. Natijada bozor mart oyida o‘z iste’molidan ortgan 1500 kVt elektr energiyasini davlatga sotdi.
Asosiysi, Milliy gvardiyaning “tashvish nuqtalari” o‘rnatildi va bozor hududi to‘liq kamera nazoratiga olinib, IIBga integratsiya qilinishi natijasida 2024 yilning oktyabr oyidan buyon “jinoyatdan hxoli hudud”ga aylandi.
Bozor faoliyatni raqamlashtirish maqsadida “Real Soft” dasturlash kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikda “Sam - bozor” dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi.
Dasturga kirishdayoq ham ovozli ko‘rishda, ham yozma ko‘rinishda foydalanuvchilar bozorlarda xizmat ko‘rsatish va savdo qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilib, profilaktika qilinadi.
Mazkur dastur 12 ta bo‘limdan iborat. Ma’lumotlarni kun, oy va yil ko‘rinishida ko‘rish, ularni yuklab olish imkoniyati yaratilgan.
Bozorda yurist shtati bo‘lmaganligi sababli dasturni kadastr idorasi ma’lumotlari bilan integratsiya qilish orqali do‘kon egalari bilan onlayn shartnoma rasmiylashtirilib, muddatida amalga oshirilmagan to‘lovlar bo‘yicha birinchi oyda mulkdorga avtomatik ogohlantirish xati berilishi, ikkinchi oyda esa da’vo arizasi shakllantirilishi ta’minlandi.
Bozor hududiga o‘rnatilgan 27 ta kameraga sun’iy intellekt orqali har bir savdo o‘rnining o‘lchami kiritilib, tadbirkor qancha joyga mahsulot qo‘yganligi va qancha joyga to‘lovni amalga oshirganligini kuzatish bilan bir vaqtning o‘zida qanday turdagi mahsulotni sotayotganligini aniqlash imkoniyati bor.
“Sam-bozor” dasturida ro‘yxatdan o‘tgan xaridorlarga olgan mahsuloti uchun to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish, sotuvchilarga esa bozor ma’muriyatiga “patta to‘lovlari”ni onlayn to‘lash imkoniyati yaratildi. Bozor hududidan joy olmoqchi bo‘lgan sotuvchilarning YaTT guvohnomasi faol holatda ekanligiga e’tibor qaratiladi.
Savol tug‘ilishi tabiiy: xo‘sh, nima erishildi?
Bozordagi qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 150 nafarga ko‘payib, 670 nafarga yetdi.
Ijara to‘lovidan hosil bo‘lgan 74 million so‘m muddati o‘tgan qarzdorlik bartaraf qilindi.
Asosiysi, 2024 yilning fevral oyida 181 million so‘m tushumlar bo‘lgani holda joriy yilning mos davrida bu raqam 283,3 million so‘mga yetdi. Soliq to‘lovlari o‘rtacha oylik ko‘rsatkichi 34,6 million so‘mdan 70,8 million so‘mga oshdi.
Yaqinda Past Darg‘om tumanida bozorlarda xizmat sifatini yaxshilash va “korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish” yuzasidan o‘tkazilgan seminarda mutasaddilarga yuqoridagilar haqida batafsil ma’lumot berildi. Qolgan hududlardagi bozorlarni korrupsiyasiz sohaga aylantirish, ushbu illatga murosasiz muhitni shakllantirish, korrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar, sabablar hamda "tuynuk"larni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Dilmurod Sayidqulov,
viloyat prokurori o‘rinbosari.