Hokimdan yordam so‘ragan murojaatchining hovlisiga transformatorni kim o‘rnatgan?
– Hokim buva, hovlimiz ichida transformator joylashib qolgan. Boshqa joyga ko‘chirib berishlarini so‘rab “elektroset”ga borsak, ko‘nishmadi. Bolalarimiz hayoti xavf ostida qolmasin, yordam qiling.
Tut mahallasida o‘tgan sayyor qabulda fuqarolardan biri shunday mazmunda murojaat qildi. Bir qarashda o‘sha fuqaroning murojaati o‘rinli, tuman elektr tarmoqlari korxonasi sovuqqonlik qilganday tuyuladi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor-da. Bu haqda “Jomboy tongi” yozmoqda.
– Transformator qachon o‘rnatilgan? – hokimning savolidan murojaatchi o‘ylanib qoldi.
– Bilmasam, ellik yil bo‘lgandir...
– Siz qachondan beri yashaysiz o‘sha hovlida? Umuman, ellik yil avval transformatorni aynan sizning hovlingizga o‘rnatib ketishganmi?
– ...
Mantiq qayoqqa qarab borayotganini anglagandirsiz. Gap shundaki, har qanday transformator (simyog‘och, gaz taqsimlash qurilmasi) atrofida himoya hududi nazarda tutilgan bo‘ladi. Afsuski, “bir qarich ham harna” qabilida o‘sha chegarani buzib, xatarli maydonni egallab olamiz. Oqibatda transformator hovlimiz ichida “joylashib qoladi”.
Qoidaga ko‘ra, noqonuniy egallangan bunday maydonlar fuqarodan olib qo‘yilishi, agar ustida imorat qurilgan bo‘lsa, buzdirib tashlanishi kerak. Ammo sayyor qabullarda bu kabi muammodan “aziyat chekkanlar” ko‘pchilikni tashkil qilyapti. Yaxshi rahbar esa muammoga oqilona yechim topa bilishi kerak.
Inchunun, muammoni bartaraf etishda fuqaro foydasiga hal qilishning qonuniy chorasi ko‘riladigan bo‘ldi.
– Albatta, butun diqqat-e’tiborimiz fuqarolar manfaatini himoya qilishga qaratilgan, – dedi U.Nazarov. – Ammo buning natijasida qonun-qoidalar buzilmasligi kerak. Afsuski, aholiga shuni tushuntirish qiyin kechmoqda. Bobolarimiz aytganiday, har kim jilovni o‘z tomoniga tortsa, manzilga qachon yetamiz?
Orifjon ODILOV.
“Jomboy tongi” muxbiri.