Holvoyidagi bog‘chaning yangi binosi foydalanishga topshirildi

Jomboy tumani Holvoyi mahalla fuqarolar yig‘inida 120 o‘rinli 24- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Mazkur tashkilotning ochilishi evaziga mahalladagi 425 nafar 3-7 yoshli bolalarning 85 foizdan oshig‘i ilk ta’limga qamrab olindi.

Shu kunga qadar tumandagi 28-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti filiali sifatida ish yuritgan 24-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish uchun 2.522 million so‘mlik mablag‘ ajratildi.

Zamonaviy qad rostlagan bog‘chada bolalarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha shart-sharotilar yaratilgan. Mashg‘ulotlar xonasi, musiqa zali, umumiy ovqatlanish xonasi va yotoqxonalar talablar asosida jihozlangan bo‘lib, bolalarni ertaklar olamiga yetaklaydi.

Bugungi kunda Jomboy tumanida 3-7 yoshli bolalar 15423 nafarni tashkil qilib, ularning 8666 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Tumandagi mavjud 102 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 29 tasi davlat, 15 tasi nodavlat (xususiy) hamda 58 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lib, bolalarning qamrovi 56,1 foizni  tashkil  etadi.

Umid TOJIYeV,

Jomboy tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri o‘rinbosari.