Hotam Toy uchratgan o‘tinchi chol qashshoq emasmidi?

Hazrat Navoiyning lug‘atlarida “kambag‘al” so‘zini uchratmadim. Ammo aholining tuban qatlamlarini anglatuvchi miskin – bechora, notavon – zaif, quvvatsiz, g‘arib – bechora (ko‘plikda g‘urabo), lomakon – makonsiz, muqim joyi yo‘q, bekas – kimsasiz, yolg‘iz, besomon – bechora – qashshoq kabi atamalar ko‘plab uchraydi.

Insoniyat jamoa holida yashab, xususiy mulkchilik paydo bo‘lgandan buyon bu kabi bir qator ma’nodosh so‘zlar bilan ataladigan aholi qatlamlari har qanaqa farovon zamonlarda ham mavjud bo‘lgan. Bu haqda ijtimoiy qatlam xalq ertaklarida, og‘zaki ijodda, yozma adabiyot va tarixiy manbalarda keltirilgan afsona-yu rivoyatlar, dalilu isbotlarda o‘z ifodasini topgan.

Kambag‘allik (avvalida kam ta’minlanganlik deyildi) ni ko‘pchilik jamiyatning eng quyi qatlami deya anglaydi. Alisher Navoiy bobomizdan yuqoridagi so‘zlarni bejiz misol keltirmadik. Ko‘rinib turibdiki, bu toifa kishilari orasida ham bir necha pog‘onalar mavjud ekan.

Xo‘sh, hozirda katta shov-shuv bilan davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib,  turli yo‘llar bilan buni tugatish mumkin degan aqidaga ishonayotganlarning hafsalasi nega pir bo‘lmoqda? Negaki, joylardagi o‘n chog‘lik bechoraholga ko‘mak berilganda bunda nohaqlik, adolatsizlik qilindi, deb kamida o‘ttiz kishi  iddao qilmoqda.

O‘sha 30 kishining oxiridan yana 2 kishiga moddiy yordam ko‘rsatsak, endi 28-si chetgiga aylanadi va yana haq da’vo etilishi tayin. Demak, ko‘ra bila turib, biz botqoqqa tushgan bir oyog‘imizni tortaman, deb ikkinchisini tushiryapmiz.

Buyuk faylasuf Forobiy “Fozil kishilar shahri” kitobida bir davlatdagi aholini 12 ijtimoiy qatlamga taqsimlab, har bir toifaning burchi, o‘rni, iqtisodiy holatini asoslab bergan. Buyuk bobomiz Amir Temur ham ana shu 12 qatlam usulida mamlakatni boshqargan. Hech bir zamonda bu xillanish inkor etilmagan va ushbu holat boqiydir. Har bir kishining oliylikdan pastki darajalarga tushib ketishi yoki pastdan yuqoriga ko‘tarilishi davlat boshqaruviga, ko‘pincha o‘sha shaxs omiliga bog‘liq.

O‘rta maktabda muallimlik qilib yurgan yillarim hukumat tomonidan ota-onasiz bolalarga bosh-oyoq sarpo berilardi. Uni egalariga tarqatganimizda rad etgan yetimlarning sinfdan o‘krab chiqib ketgan hollarini, beva-bechoralar esa bu tugunni keltirib maktab ostonasiga qo‘yib ketganlarini ko‘p marta kuzatganman. Aksincha, ayrim o‘ziga to‘q odamlar kelib g‘avg‘o qilganlarining ham shohidiman.

Yoshligimda bir rivoyat eshitgandim: bola-chaqasini dehqonchilik bilan boqib yurgan kishining hosili o‘xshamabdi. Shunda vahimaga tushib pirdan maslahat olishga borib debdi:

“Har yili o‘n qop bug‘doy yetishtirib, bola-chaqamni qish-qirovdan tugal chiqarardim. Bu  yil atigi ikki qopga ega bo‘ldim. Osmon uzoq, yer qattiq, endi qandoq qilaman, - deya yig‘i-sig‘i qilibdi. Diqqat bilan eshitgan pir debdi:

- Shu ikki qop bug‘doyingizni mahalla kunchiqarida yashovchi Ofiyat kampirga hadya eting.

Pirning bu talabini eshitgan dehqonning dami ichiga tushib ketibdi. Maslahat olgani kelgani uchun o‘zini rosa koyibdi. Ammo na chora.

Eshagiga bug‘doyni yuklab kampirni daraklab topib boribdi. Ravotsiz burchakda mung‘ayib turgan vayrona kulbaning sohibasi nega kelganini anglagach, uyiga kirib teridan yasalgan suprani chiqarib yoyibdi. Unda atigi bir siqim un bor ekan.

- Ertaligim tayin. Men sizning ehsoningizni qabul qilolmayman, - debdi u”.

Xulosani o‘zingiz chiqaravering.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda biz oilada to‘qqiz jon edik. To‘s idishda choy damlanar, dasturxondagi nonni dadam iloji boricha teng bo‘laklarga taqsimlagach, patnisni biyimga surib, ulashishni so‘rardilar. O‘zingiz tarqating, deganda “Bu burdalar katta-kichik bo‘lishi mumkin. U dunyoda qanday javob qilaman?”, derdilar”...

Nonni qulog‘ing suprasiga o‘lchab beraman, degan hazilomuz jumla aslida haqiqatga yaqin edi. Hozirdagi nonushtaga dasturxonda kamida besh-olti xilda ne’mat turgan bo‘lsa-da bolangiz tumushib qovoq uyadi. Mabodo undasangiz “hech narsa yo‘q-ku nima  yey”, deb sizni ayblamoqchi bo‘ladi. Bugun ko‘pchilik xonadonlarda uch mahal issiq ovqat tayyorlanadi.

Ichi tashqarisi panjakash suvalgan, bag‘dodi eshik va yog‘och panjarali tavog‘doni bo‘lgan, qish kunlarida ichkari havosi tashqaridan farqi yo‘q uyimizda birgina dadamiz topib kelgan non bilan kun ko‘rardik. Shu holicha unda qirq yil yashadik. Chog‘lab boqsam bugun mendagi birgina “Neksiya-3” mashinasi unaqalarning o‘ntasiga davlat bo‘ladi. Ammo qoniqish yo‘q. Hozirda o‘sha kishilarning ta’biri bilan aytganda “non kesakning ustida”. Boriga qoniqmaslik, havoyi orzu-havas deb behuda chiranish, nomdorlik kasali, behudlik illati, tomi nayzalik qasrlar, hech qachon o‘ziga taqdir qilmaydigan boylik, qancha balandga chiqsa shuncha quyiga qulashi tayin bo‘lgan amal. Bu o‘tkinchi dunyo yutganimiz o‘zimizniki, chaynab turganimiz gumon ekanini tan olmaymiz. Ko‘z qurg‘ur to‘ymaydi, jilovsiz nafs qo‘ymaydi.

Bir ertakda o‘qigandim. Ish izlab yo‘lga tushgan o‘g‘lon o‘z elidan uzoqlashgach qarshisidan uchta yo‘l ajralib chiqadi. Biri – borsa kelmas, ikkinchisi borsa – xatar, uchinchisi – borsa kelar.

Gohida bu hikmatni ma’nosini chaqmoqchi bo‘laman. Ko‘pgina yoshlar musofir yurtlarda joylashib qolib ketmoqda. Urush ketayogan mamlakatlarni tanlaganlar bor. Ozmi-ko‘pmi yig‘ib-terib eson-omon qaytayotganlar ham talaygina.

Voyaga yetgandan keyin donishmand otaning duosini olib o‘z baxtini izlab jo‘nagan uch og‘a-ini botirlar, musofir yurtda kallapazga dastyor tushgan behunar yigit, qirq hunarni egallagan bo‘lsa-da begona elat g‘alamislariga tutqun bo‘lgan Bahrom haqidagi ertakni kim bilmaydi?

O‘sha taqdirlarni bugunda o‘z boshidan kechirayotganlar qanchadan qancha.

Nachora, oldingi kishilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar saboq bo‘lmas ekan-da!

Bitta orzu-havasli to‘y, uy-joy qurish yoki yengil mashinaga ega bo‘lib ikki barmog‘i burnida. Yana bosh olib ketib sarson-sargardon. Qarabsizki, umr poyoniga yetibdi.

Bugungi kunlarda hayotda lomakon, notavon, qashshoq, bekas va mayib- majruhlarga, miskinlarga o‘nglanish imkoniyati yo‘qligi uchun oziq-ovqat qutilari, naqdinalar ehson qilinmoqda. G‘amxo‘rlik ham haminqadar. Bu savob ish. Ammo  qo‘ldan berganga qush to‘ymas, deganlar.

Qush deganda yodimga tushdi: hovlimizda mayna in qurib bola ochdi. Ota-onasi tinimsiz ovqat tashib kelar, ular har gal in chetiga qo‘nganida boyagina tutqazilgan luqmani lo‘qillatib yutgan polapon boshqalariga nisbatan og‘zini kengroq ochib qattiqroq chirqiraydi...

  Hukumatdan aholiga yalpi pul tarqatilishini talab qilayotganlar behisob. Karantin davrida yuzaga kelgan vaqtinchalik ishsizlik tufayli moddiy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolgan oilalarga befarq bo‘lmaslik kerak. Mabodo ularga davlatimiz yordam qo‘lini cho‘zmoqchi ekan yeb ketarga emas, vaqti kelsa qaytarish  sharti bilan oziq-ovqat kreditlarini foizsiz berish lozim.

Bu kechiktirib bo‘lmaydigan eng ma’qul tadbir bo‘ladi.

G‘aybiddin Fazliyev.