Organik mahsulotlarga jahon bozorida talab ortdi, bizda bunga mos taklif bormi?

Hozirda qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti 1995 yilga nisbatan 3,5 barobarga oshib, go‘sht - 2,3, sut - 2,4, kartoshka - 6, sabzavot - 3,6, poliz - 3,9 barobardan ortiq yetishtirilib, meva 4,5 martaga ko‘paydi.
Lekin bugun dunyoda ekologik toza organik usulda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga talab oshmoqda. Misol uchun, Yevropa davlatlarida kimyoviy o‘g‘itlar bilan ishlov berib yetishtirilgan mahsulot 5 dollardan sotilsa, organik usulda yetishtirilgan va qadoqlangan mahsulot 50 dollargacha sotiladi. Bu yetishtiruvchi, saqlovchi, qayta ishlov va eksportyorga ham yaxshigina daromad olib keladi. Shuning uchun fermer va dehqonlarimizga organik usulda mahsulot yetishtirishga ko‘proq e’tibor qaratishlarini targ‘ib qilyapmiz.
Buning uchun:
- yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida qishloq xo‘jalik ekin maydonlarini maqbullashtirish;
- zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yuqori hosildor, ertapishar hamda shirin ta’mga ega pakana va yarim pakana daraxtlarni ekish orqali intensiv bog‘ va uzumchilikni rivojlantirish va dunyo bozorlarida xaridorgir eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish;
- sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlarini rivojlantirish, ularning xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlash, suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish;
- oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, meva-sabzavot, kartoshka va uzum ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, ichki bozorda narx keskin oshishining oldini olish;
- ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligini barqaror va samarali rivojlantirishni ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va sotish sohalarini, ularning iqtisodiy samaradorligi va moliyaviy barqarorligini ta’minlash va zaruriy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan jihozlash;
- chorvachilik, parrandachilikni yanada rivojlantirish;
- respublika tuproq-iqlim sharoitiga mos, qurg‘oqchilik, sho‘rlik, issiqlikka va kasalliklarga chidamli qishloq xo‘jalik ekinlari navlari va hayvonot turlarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish.
Yuqorida sanab o‘tilgan talablardan kelib chiqib joriy yil yakuniga qadar 71 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi va fermer xo‘jaligi tomonidan 1210 gektar maydonda organik mahsulotlar yetishtiriladi. Shundan 171 gektarda texnik ekinlar, 406 gektarda meva, 418 gektarda uzum, 86 gektarda sabzavotlar va boshqa ekinlar 130 gektarni tashkil etadi.
Bekzod Tugalov,
viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.