Hovlilarda 30 kishilik to‘ylar boshlandi

Ayni paytda Qo‘shrabotning Qo‘ralos mahallasida to‘y bo‘lyapti. Shu mahalla faollaridan biri Said Mamasoliyevning ixcham hovlisida 6 ta stolga dasturxon yozilgan. 30 chog‘li mehmon dasturxon atrofida. Boz ustiga qo‘shaloq to‘y, Said aka bir o‘g‘lini uylantirayotgan bo‘lsa, bir nevarasining xatna to‘yini nishonlamoqda.

- Bo‘larkan-a, - deydi qo‘shnisi G‘iyos aka. - Tashvish ham, xarajat ham kam. Aslida hovlida to‘y ko‘rmaganimizgayam qancha yillar bo‘lgandi. San’atkorlarning ovoz kuchaytirgichlaridan chiqayotgan musiqa tovushi ham maromida.
Ahamiyatlisi, to‘y karantin talablari asosida o‘tkazilmoqda. Hovliga kiraverishda mehmonlar dezinfeksiya yo‘lagidan o‘tmoqda.

To‘lqin Siddiqov.