Hukumat a’zolari va vazirlar aholi muammolarini o‘rganish va hal qilish uchun So‘x tumaniga yetib bordi

Kecha, Ӯzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Nig‘matovich Aripov 1 iyun kuni Chashma mahallasida So‘x tumani aholisi bilan uchrashgani haqida xabar bergan edik.

Bugun vazirliklar, ularning viloyat boshqarmalari rahbarlari So‘x tumanida bo‘lib, vaziyatni barqarorlashtirish, ijtimoiy-siyosiy holatni yaxshilash, aholi muammolarini o‘rganish va hal qilish borasida manzilli birlamchi vazifalar dasturini ishlab chiqdilar.

Ayni damda So‘x tumani aholisi va faollari vujudga kelgan vaziyatni yumshatish borasida hukumat vakillari bilan birgalikda harakat qilmoqdalar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston - Qirg‘iziston «Chashma» chegara hududida yashovchi Qadamjoy va So‘x tumanining bir guruh aholisi o‘rtasida buloqdan foydalanish bo‘yicha nizo kelib chiqqan edi. 

Janjal natijasida tuman markaziy shifoxonasida 187 nafar yaralangan bemor davolanmoqda. Shuningdek, kecha sanaviatsiya xizmati orqali bemorlarning 15 nafari Farg‘ona viloyati markaziga safarbar etilgan.