«Human» rahbari 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

2020 yil 27 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida «Human» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Sh.Fayzullayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Sh.Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi «a» bandi va 179-moddasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar)ning tegishli bandlariga asosan reabilitatsiya qilindi hamda uning ayblovidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi 2-qismi «a» bandi chiqarildi.

Sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b», «v» bandlari, 189-moddasi 1-qismi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchidan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchilar foydasiga 21 milliard 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Shuningdek, jabrlanuvchilarga jinoyat oqibatida yetkazilgan ma’naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.