“Human”dan jabr ko‘rganlarga zararlarni qoplab berish jarayoni boshlandi

Kecha, 17 fevral kuni “Human" xususiy bandlik agentligidan jabrlangan bir guruh fuqarolar bilan Bosh vazir uchrashgan edi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi ma’lum qildi.

“Human” xususiy bandlik agentligi rahbari Sh.Fayzullayevning jinoiy harakatlari natijasida jabr ko‘rgan fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni ularning hisob raqamlariga tezkorlik bilan o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, ATIB “Ipoteka bank” hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlaridan iborat tarkibda hududlarda ishchi guruhlar tashkil etildi.

Majburiy ijro byurosining ma’lum qilishicha, jabrlanganlarga zararni undirish bo‘yicha MIBga ijro hujjatlari kelib tushgan.

Jabrlanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida ishchi guruhlarni “Ipoteka bank” viloyat filiallarida faoliyat olib borishlari belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining hukmi bilan “Human” xususiy bandlik agentligi rahbari Sh.Fayzullayevning jinoiy harakatlari oqibatida jabrlanuvchi, deb e’tirof etilgan va moddiy zarar undirilishi belgilangan fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan quyidagi manzillarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (fuqarolik pasporti) bilan murojaat qilishi so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, firibgar “Human” rahbari 10 yilga qamalgan edi. Undan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchilar foydasiga 21 milliard 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilangan.