“Human”dan jabrlanganlarning 931 nafari o‘z pullarini oldi

“Human” xususiy bandlik agentligi tomonidan amalga oshirilgan jinoiy harakatlar natijasida jabr ko‘rgan fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash maqsadida mamlakatimiz hududlarida MIB, “Ipotekabank” hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, ularga mablag‘larini qaytarib berish boshlangan haqida kecha xabar bergan edik.
21 fevral soat 18:00 holatiga ko‘ra, jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan va moddiy zarar undirilishi belgilangan fuqarolarning 931 nafariga 18,7 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari to‘lab berildi. Ulardan 902 nafari plastik karta ko‘rinishida, 29 nafari esa naqd pul shaklida olgan.
Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususiy bandlik agentligidan jabrlanganlarga pul mablag‘larini to‘lab berish jarayoni davom etmoqda.