Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hunar: Metallga bo‘rttirib tasvir tushirish har kimning qo‘lidan kelmaydi

O‘zbek xalqining amaliy san’ati o‘ziga xos boy an’analarga ega. Jumladan, bizning davrimizga qadar yetib kelgan amaliy san’at asarlari rang-barang va xilma-xildir. Bular kulollik buyumlari, ipakdan, jundan to‘qilgan gazlamalar, har xil gilam va paloslar, yog‘och va metalldan ishlangan uy-ro‘zg‘or ashyolari, gul chekib o‘yilgan marmar tosh buyumlari, badiiy kashta bilan bezalgan so‘zanalar, guldor jiyaklar, zarhal kashtalar, turli xil do‘ppilar va boshqalardir.

Ammo o‘rta asrlardan bizga ko‘hna Kavkaz zaminidan kirib kelgan, san’atning noyob turlaridan biri bo‘lmish «Metallga bo‘rttirib tasvirlarni tushirish ya’ni "chekanka" uslubi hozirgi kunda yo‘qolib borayotgan amaliy san’at turlaridan biri hisoblanadi. Aynan mana shu uslubda ijod qilib kelayotgan biz kabi yoshlar soni O‘zbekiston hududida sanoqli, xolos.

Amaliy san’atning bu qayd etilgan turlari har manzilning o‘ziga xos mahalliy xususiyatlariga ega bo‘lib, shakl va naqsh bo‘yoqlarida aks ettiriladi. Bu esa ustalar orasida o‘ziga xos ishlov buyumlari va xilma-xil bezash asboblari mavjudligidan dalolat beradi.

O‘zbekistonning qo‘l-hunar san’atida mis buyumlariga badiiy naqsh o‘yish kasbi alohida o‘rin tutadi. Asosan bu hunar ko‘proq Qo‘qon, Qarshi, Buxoro, Shahrisabz, Xiva shaharlarida rivoj topgan naqqosh miskar ustalar tomonidan nozik shakllarda ajoyib ishlangan choy idish, qumg‘on, choynak, barkash, kuldon, patnislar va xilma-xil buyumlarni har bir xonadonda uchratish mumkin. Shu jumladan, bugunga qadar bizning mamlakatimizda «chekanka» uslubida ham ishlangan bir qancha asarlarni ko‘rishimiz mumkin, ular eng yupqa tunuka, mis va latun metallarida ishlanganligi bilan yuqorida keltirilgan o‘ymakorlik san’atidan tubdan farq qiladi.

Ushbu yo‘nalishda ijod qilib kelayotganimga 15 yil bo‘ldi. Respublikamiz miqyosida faqatgina singlim va men shu yo‘nalishni rivojlantirishga astoydil kirishganmiz. Yevropa mamlakatlarida tubdan rivojlanib kelayotgan ushbu san’at yo‘nalishi bizda ham oxirgi 10 yillar mobaynida rivojlanmoqda.

Asli erkak kishining kuchini talab etadigan ushbu yo‘nalishda ijod qilishimiz avvallari erish tuyilgan bo‘lsa bugungi kunga kelib milliyligimizni uyg‘unlashtirib, yevropacha yo‘nalish yaratilganli eng katta yutuqlarimizdan biri deb hisoblayman.

Amaliy san’atning bu yo‘nalishi katta kuch, sabr-toqat, mustahkam asab, yuksak quntni talab qiluvchi hunardir. XIX asrdan boshlab targ‘ib etilgan, asli o‘ymakorlikning bir turiga kiradigan «chekanka» uslubi bugun bizning me’morchilik ishlarimizda, amaliy san’at ko‘rgazmalarida foydalanilib yuqori baholanib kelinmoqda.

Esimda, bolaligimda dadam ushbu yo‘nalishda jiddiy ijod qilar va noyob asarlar yaratardi. Shunday muhitda ulg‘ayganimiz sari singlim va mening «chekanka» yaratishga bo‘lgan mehrimiz ortishni boshlagan. Bola tarbiyasida hunar o‘rganishning ta’siri, halol mehnat kabi axloqiy tushunchalar shubhasiz yuksak ma’no kasb etadi. Bu bilan insonlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga, turmush darajasini taraqqiy ettirishga yaxshi dalillar keltiriladi.

Kaykovus o‘z zamonasining farzandlari mehnatsiz, ilm-hunarsiz na ilm cho‘qqisiga, na ma’rifatga ega bo‘lishi mumkin emasligini o‘zining hayotiy tajribasi orqali tushuntiradi. U: «Bilimni egallamoq uchun mehnat qilish, badanni dangasalikdan qutqarish foydalidir. Chunki dangasalik, ishyoqmaslik badanning buzilishiga, kasallanishiga sababchi bo‘ladi. Agar mehnat qilib badanni o‘zingga bo‘ysundirmasang, sog‘lom va baland martabali bo‘la olmaysan...» , degan edi.

Kasb va hunar yoshlar vaqtining behuda o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi. Hunar va kasb o‘rganish yoshlarni har qanday nojo‘ya xatti-harakatlardan xoli qiladi. Hayotda uchragan qiyinchiliklar oqibatida tug‘ilishi mumkin bo‘lgan yomon fikrlardan qaytishga o‘rgatadi.

Nafosat Qurbonova,

professional hunarmand-rassom, «Yevroosiyo badiiy ijodkorlari» uyushmasi a’zosi.