Huquqiy maslahat berishda Advice.uz yetakchi

2019 yil yakunlanmoqda. Fuqarolarga qonunchilik yangiliklari, ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida joriy yilda qator targ‘ibot ishlari amalga oshirildi, tadbirlar tashkil etildi.

Shulardan asosiysi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga ko‘ra, Advice.uz huquqiy axborot tizimi yaratilganligidir.

Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning turli idoralarga murojaat qilishini keskin kamaytirish, kundalik hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan turli muammoli masalalarning qonuniy yechimini topishga ko‘mak berish maqsadida bepul maslahat beruvchi, turli hayotiy holatlar bo‘yicha huquqiy yechim taklif etiladigan va davlat xizmatlari ko‘rsatishga xizmat qiladigan ushbu elektron tizim har tomonlama tezkorligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Saytning hozirda ham veb, ham mobil versiyalari mavjud bo‘lib, u fuqarolarga istalgan joydan o‘zlariga qulay tarzda ma’lumot olish imkonini beradi.

Advice.uz shu kungacha O‘zbekiston tarixida o‘xshashi bo‘lmagan interaktiv saytdir. Unda inson hayoti davomida duch kelishi mumkin bo‘lgan deyarli barcha huquqiy savollar javoblari o‘rganilgan. Shu bilan bir qatorda, foydalanuvchilar onlayn rejimda savol berib, javob olishlari mumkin bo‘lgan onlayn muloqot tizimi ham bor. Bu o‘ziga xos huquqiy tez yordamdir.

Mazkur huquqiy axborot sayti orqali mehnat qonunchiligi, chet elda ishlash tartibi — migratsiya, pasport tizimi, oila munosabatlari, uy-joy, kommunal xo‘jalik, fuqarolar tadbirkorligi, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, bank, soliq masalalari, transport sohasidagi qonunchilik, davlat xizmatlari, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ta’lim qonunchiligi, sud-huquq masalalari, huquqiy himoya, majburiy ijro byurosi, nizolarni hal qilish kabi yigirmaga yaqin huquqiy masalalar haqida ma’lumot olish mumkin.

Elbek DAVRONOV,

Paxtachi tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.