“HURRIYaT”DAN BOShLANGAN NAShR

Yoxud Mahmudxo‘ja Behbudiy asos solgan gazeta

Samarqand matbuotida yangilik yuz berdi. Viloyatda chop etiladigan «Zarafshon» gazetasining chiqa boshlagan vaqti o‘zgardi, ya’ni bu kun mashhur ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy noshirligi va muharrirligida chop etilgan «Samarqand» gazetasining birinchi soni dunyo yuzini ko‘rgan kunga (1913 yil aprel) tenglashtirildi.

Ma’lumingizkim, «Zarafshon» gazetasining muassislari Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi va viloyat hokimligi hisoblanadi. Shu bois viloyat Kengashining joriy yil XIV sessiyasida deputatlar ushbu qarorni qabul qilishibdi. Muborak bo‘lsin!

Millat ma’naviyatini yuksaltirish va yurtni mustamlakachilar zug‘umidan ozod qilish uchun umrini bag‘ishlagan insonlar – jadid bobolar xizmati e’tirof etilganidan kishining boshi ko‘kka yetadi. Bir oddiy tadqiqotchi, qolaversa, shu yurtning farzandi sifatida kaminada ham shunday his-tuyg‘ular jo‘sh urdi.

Albatta, tahririyat «Samarqand» gazetasi haqida mushtariylarga ma’lumot bergan bo‘lsa kerak. Lekin Mahmudxo‘ja Behbudiy bu gazetani tashkil qilaman deya besh yil mustamlakachilar idoralari ostonasida sargardon bo‘lganligini barcha ham bilavermasa kerak: «1908 yildan o‘z idorasinda biron gazeta chiqarmoq fikrig‘a tushub, 1913 yil aprel oyinda bu maqsadig‘a yetishub «Samarqand» gazetasining bir necha raqamini chiqarishga muvaffaq bo‘lg‘on» (bu haqda qarang: S.Ayniy. Mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari kim edi? // «Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1920 yil 8 aprel).
Mazkur gazetani Samarqandda bo‘lg‘usi bolshevik – Morozov tomonidan 1904 yilda chiqarilgan «Samarkand’» gazetasining o‘zbekchasi deb hisoblaydiganlar ham yo‘q emas. Aslida bu gazetalar bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydi.

Hatto, tarixda jadidlar va «morozovchilar» o‘rtasida goh zimdan, gohida oshkora «to‘qnashuvlar» bo‘lib turgan. Ulardan ikkitasini misol keltiramiz: Biri gazetaning nomlanishi bilan bog‘liq. Arxiv hujjatlari shuni ko‘rsatadiki, Mahmudxo‘ja Behbudiy «Samarqand» gazetasi uchun ruxsatnomani 1913 yil 10 aprelda oladi (bu haqda qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, 18-fond, 1-ro‘yxat, 8752-ish). Xalq orasida jadidlarning bu nomda gazeta chiqarishiga «morozovchilar» qarshilik qilganligi haqida gap ham bor. Hujjatlarni o‘rganganimizda bu fikrga asos topa olmadik, lekin masalaning boshqa tomoni ko‘zga tashlandi. Aniqroq aytganda, biroz fursat o‘tmay Behbudiy Samarqand harbiy gubernatoriga «Yangi Samarqand» («Samarqandi nav – Noviy Samarkand») nomida gazeta chiqarishga ruxsat so‘rab qaytadan ariza yozadi. To‘g‘rirog‘i, ariza yozishga majbur qilishadi. Ruxsatnomalarni qiyoslaganimizda, ma’lum bo‘ldiki, keyingisida mazkur gazetada rus tilida ham maqolalar berilishi alohida «ta’kidlangan».

«Russkaya periodicheskaya pechat v Turkestane. 1870 – 1917 gg.» kitobida «Mahmudxo‘ja Behbudiy nashr etgan bu gazeta avval «Samarqand», bir necha soni chiqqach esa (26-,27-sonlardan) – «Yangi Samarqand» nomi bilan chop etildi. Bu vaqtinchalik o‘zgarish gazetadan axborot olishda har xillikka olib keldi. 28-sondan esa yana o‘z nomini oldi», deyiladi. O‘z nomini qayta tiklagan bo‘lsa-da, endi unda rus tilida mustamlakachilar buyurtmalariga asosan maqolalar berib borilganligini ko‘rish mumkin edi.

Ikkinchi voqea 1917 yil yozida yuz beradi. Tarixiy ahvol ham o‘zgacha edi - 1917 yil oktyabrigacha hali to‘rt oycha vaqt bor, Rossiyani Muvaqqat hukumat boshqarmoqda va u o‘z muammolari bilan ovora, Turkistonda esa hurlik shabadalari esib yurgan davrlar. Shu tarixiy jarayonda Behbudiy millatning kelajagini o‘ylab yangi taklif bilan chiqadi: «Biz istaymizki, butun Russiya musulmonlari muxtoriyat (federatsiya) usuli yuzasidan tirikchilik qilsunlar... Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda... Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizni majlisi mushovaratimiz (parlamentarizm) bo‘lsun» (Bayoni haqiqat // «Ulug‘ Turkiston» gazetasi, 1917 yil 12 iyun).

Mahmudxo‘ja Behbudiy huquqlari teng fuqaroli mamlakatning dumasi va undagi a’zolar sonidan boshlab, mahalliy va nomahalliy a’zolar sanog‘igacha o‘z fikriga ega edi. Parlamentdagi o‘rinlarni har bir millatning sonidan kelib chiqib taqsimlaydi. Tabiiyki, turkistonli bo‘lmaganlar juda oz joyni olishardi.

Ularning orasida, albatta, ruslar ham bor edi: «Samarqand shahrining rus va musulmon xalqidan 60 nafar kishi saylanib balada (shahar – H.S.) idorasig‘a ish qiladilar va ul nafarlar, albatta, xalqning nufus va adadig‘a qarab bo‘linur. Masalan, nufusg‘a taqsim qilganda mazkur adadlarni 15 nafari ruslardin, bir necha nafari yahudiylar bo‘lur. Sababi shulkim, biz ko‘bdurmiz. Zamoni hozira va adolat shuni talab qilur»(«Ittifoq kerak»// «Hurriyat» gazetasi 1917 yil, 3 iyun).
Behbudiyning bu taklifiga birinchi bo‘lib Muvaqqat hukumat «burjuylari» emas, «morozovchilar» qarshi chiqadilar. Ular Behbudiyning adolatli hisob-kitobidan xato topa olmaydilar. Biroq uning xulosa va takliflarini «shoshqaloqlarcha» chiqarilgan deya e’tiroz bildiradilar. Shuningdek, o‘zlarining har jihatdan ustunliklarini ko‘rsatib, shovinistlarcha xulosa chiqaradilar: «Musulmonlar o‘zlarini boshqarishda hali ruslardan ko‘p o‘rganishlari kerak. Dumada ishbilarmon, uddaburon, mehnatsevar kishilar o‘tirsa, unda turli jamiyat va siyosiy guruh talablarini yoqlaydigan kishilar bo‘lsa, shaharda ishlar yaxshi ketadi. Bunday guruhlar ruslarda ko‘p bo‘ladi, musulmonlarda esa bo‘lmaydi... Fikrimizcha, agar musulmonlar va mahalliy yahudiylar saylovchilarning yarmini yuborib, ikkinchi qismini mahalliy bo‘lmaganlarga qo‘yib berishsa ish ravnaqi uchun foyda va haqqoniylik buzilmagan bo‘ladi» (Qarang: Samarkand’ 27 iyunya // gazeta «Samarkand’», 30 iyunya 1917 g.).
«Morozovchilar»ning fikricha, «bir ishning uddasidan chiqa olmaydigan», «dangasa» musulmonlar shu yer uchun begona bo‘lganlarga dumadagi 50 foiz joyni ajratib berishlari kerak, aks holda...
Yana asosiy masalaga qaytsak. «Zarafshon» gazetasi jadid bobolar «Samarqand»iga qay darajada merosxo‘rlik qila oladi?
Avvalo, «Zarafshon» gazetasining bugungi maqsadidan kelib chiqadigan bo‘lsak, u milliy g‘oyamizga, jumladan milliy istiqlolimiz g‘oyasining tarixiy ko‘rinishi - jadidlar g‘oyasiga, orzusiga hamohang ekanligini ko‘ramiz. Bu huquqiy asos emasdir, lekin mantiqiy asos hisoblanadi. Qolaversa, «Samarqand» - «Hurriyat» - Mehnatkashlar o‘qi» - «Mehnatkashlar tovushi» - «Zarafshon» gazetalarini bir-biri bilan bog‘lab turgan robita bor. U ham bo‘lsa xalqqa ma’rifat tarqatib, milliy ozodlikka erishish g‘oyasidir. Bundan tashqari ularni bog‘lab turgan shaxs (Behbudiy) va shaxslar guruhi (Fitrat, Hoji Muin, Saidrizo Alizoda va boshqalar) mavjud. Ular mustamlaka bayrog‘ining o‘zgarishi, uning natijasida esa gazetaning turli nomlarda atalishidan qat’i nazar tahririyatda qolib, o‘zlarining muqaddas maslaklari – yurt ozodligi uchun imkonlari doirasida harakat qilib, shu yo‘lda jonlarini tikib... qurbon bo‘ldilar. Biroq istiqlolga erishgachgina ularning yurt oldidagi xizmatlari e’tirof etila boshlandi. «Zarafshon»dagi yangilik ham ana shu e’tiroflarning biridir.
Shu bois «Zarafshon»chilarning, ularni qo‘llab-quvvatlagan viloyat deputatlari - ziyolilarning qarorini dildan qutlagimiz keldi.

Halim SAIDOV
filologiya fanlari nomzodi.