Hurriyatni qo‘msagan Alizodalar

“Alizoda Tagi Rizayev – 1906 yilda Samarqand tumanidagi 2-Yunusariq qishlog‘ida tug‘ilgan. Millati eroniy. Hibsga olingan vaqtda “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida bo‘lim mudiri vazifasida ishlagan.
U 1933 yil noqonuniy ravishda Sovet ittifoqidan Eronga qochgan. 1935 yil ortga qaytib, hamqishloqlari orasida doimiy ravishda antisovet-mag‘lubiyatchilik targ‘ibotini olib borgan. Sovet ittifoqining qulashi va kapitalistik davlatlar bilan bo‘ladigan urush haqida mish-mishlar tarqatganlikda ayblangan. 1938 yil 26 fevralda qamoqqa olingan”.
Rustam Shamsutdinov va Elyorbek Xolmirzayev muallifligida chop etilgan “Kollektivlashtirish va “katta terror” davrida qatag‘on qilingan vatandoshlarimizning xotira kitobi (Samarqand viloyati)”dagi ushbu jumlalar bizni jadidchi, ma’rifatparvar olim, jurnalist va tarjimon Saidrizo Alizoda xonadoniga yetakladi.
Darvozada bizni Farhod Alizoda (Saidrizo Alizodaning nabirasi) qarshi oldi.
Bobomni ko‘pchilik yaxshi biladi, - dedi Farhod aka. - Xalqni ma’rifatga undovchi asarlari orqali Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tashqari Eron, Turkiya, Hindiston, Pokiston va arab davlatlarida nom qozongan. 14 ta xorijiy tilni bilgan.
Saidrizo Alizodaning bir o‘g‘li va uch qizi bo‘lgan. Men o‘sha o‘g‘li – Tagi Alizodaning farzandiman. Bobom 1907 yilda Samarqand shahridagi Saidlar mahallasida birinchi “Maktabi islomiya”ni ochadi. Otam ilk ta’limni shu maktabda olgan. Ushbu jadid maktabida diniy ta’limdan tashqari, dunyoviy ilmlar ham o‘rgatilgan. Maktabning «Sarfi arab», «Turkiy alifbo», «Tarix», «Jug‘rofiya», «Riyoziyot», «Handasa», «Tabiat», “Din qonunlari”, “Islom madaniyati tarixi”, «Din vojiblari», «Nizomnoma», «Badan tarbiyasi», «Ilmi fazo» kabi darsliklarini bobomning o‘zi yozgan. Bobom tayyorlagan 23 ta darslik avval Hindistonda, keyin Pokistonda chop etilgan.
Maktabda otam afg‘onistonlik olim Mirza Aslamxon, ozarbayjonlik Oxundiy muallim, o‘zimizdan To‘raqul muallim, Mulla Halim Karimzoda kabi ziyolilar bilan birga ta’lim olgan. 14-15 yoshga kirgandan keyin otam (1918-1920 yillarda) pochta xizmatiga ishga kiradi. Bir muddat komsomolda ishlaydi. 1924-1927 yillarda Samarqand davlat sug‘urta nazoratchisi yordamchisi, Samarqand shahar ijroiya qo‘mitasi kotibi, ichki ishlar xalq komissarligida mehnat qiladi. 1927 yil Bog‘ishamol tumanidagi 2-maktabga mudirlik qiladi. 1933 yilda Payariq tumani mashina-traktor parki direktorining o‘rinbosari etib tayinlanadi. 1936 yil Samarqand tumani Yangiyo‘l qishloq kengashiga rais bo‘lgan. 1937 yil tuman ijroiya qo‘mitasi mas’ul kotibi, 1938 yilda esa “Lenin yo‘li” gazetasi tahririyatining ishchi-dehqon muxbirlari bo‘limini boshqaradi.
Chelakda otam tomonidan bunyod etilgan mashina-traktor parki binosi bugun ham bor. Faqat bugun binodan boshqa tashkilot foydalanmoqda.
1926 yilda otam Tagi Alizoda “Maktabi islomiya”da tahsil olgan tengdoshlari Hasan Rajabzoda va Fattoh Odilov bilan birgalikda Ozarbayjonning Boku shahridagi olti oylik muallimlar kursida o‘qib qaytadi. Shu bois otam davlat ishlaridan ajralmagan holda qamalgunlaricha shahar maktablarida muallimlik ham qilgan.
Bilasiz, 1927 yildan 1930 yilning iyuligacha Samarqand shahri O‘zbekistonning poytaxti edi. O‘sha paytda hukumatga Buxorodan kelgan Akmal Ikromov rahbarlik qilgan. Fayzulla Xo‘jayev xalq komissarlar sovetini boshqargan. Farg‘onalik Yo‘ldosh Oxunboboyev oliy sovetga raislik qilgan. Ular rahbarlik qilgan davrda respublikamizda ko‘plab xayrli ishlarga qo‘l uriladi.
1930 yilning 30 mayida Moskvada partiyaning 16-qurultoyi o‘tkazilishi belgilanib, O‘zbekistonning besh yillik qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish sanoati, irrigatsiya tizimlaridagi yutuqlariga oid “g‘alaba raporti”ni Moskvaga yetkazish kerak bo‘lgan. “Raport”ni qurultoyga olib boradigan yigitlarni saralash uchun shu yilning yanvar oyida respublika bo‘ylab 800 nafar yigit suhbatga chaqiriladi. Yigitlarning respublika iqtisodiyoti, geografiyasi, madaniy aloqalar haqidagi bilimi, rus tilini bilish darajasi sinovdan o‘tkaziladi. Shundan atigi ikki kishi – otam Said Tagi Alizoda va Qosim Yusupovni tanlab olishadi. Ular 1 may kuni Samarqand shahridagi “Ofitserlar uyi” oldidan tantanali ravishda Moskvaga kuzatiladi. O‘zbekistonlik norg‘ul yigitlar velosipedda yo‘ldagi barcha qiyinchiliklarni yengib, 30 kun deganda Moskvaga yetib borishadi. Qurultoy shahardagi “Katta teatr”da bo‘ladi. O‘zbekistondan borgan ikki yigit qurultoy minbarida o‘tirgan “politbyuro” a’zolari – Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilov, Jdanovga mamlakatimizning “g‘alaba raporti”ni topshiradi.
Ularni teatr yonidagi qadimiy “Metropol” mehmonxonasiga joylashtirishadi. Bir hafta mobaynida ularni Moskva shahri bilan tanishtiradi va esdalik sovg‘alar bilan poyezdda Samarqandga jo‘natishadi.
Otam “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi tahririyatida 6-7 oy ishlagandan keyin SSSR fuqarolarining ommaviy ixtiyoriy jamoat tashkiloti “Mudofaa, aviatsiya va kimyo qurilishiga yordam berish jamiyati” (Osoaviaxim)ga ishga olishadi. Hatto xizmat mashinasi beriladi. Ushbu mashinada otam respublikamizning turli hududlarida yurib, sportning texnik va amaliy turlarini bo‘lajak harbiylarga o‘rgatish bilan shug‘ullangan.
Afsuski, o‘sha davrdagi qatag‘on siyosati otamni ham chetlab o‘tmadi. 1935 yilda u kishini xalq dushmanining o‘g‘li, “Eronga qochgan”, degan tuhmatlar bilan hibsga olishadi. Achinarlisi, otam hatto sud ham qilinmaydi.
Saidrizo bobomning akasining ikki o‘g‘li - Said Ali va Said Madilarni ham xalq dushmanining yaqini sifatida qamashgan. Ular shoyi fabrikasida to‘quvchi bo‘lib ishlagan (ota-bobolarimiz bofanda - to‘quvchi bo‘lishgan). Otam qamalganda 32 yoshda bo‘lsa, bu amakivachchalarimizning yoshi 27-28 yoshlarda edi. Ularning har biri 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Otamning pochchasi - Saidrizo Alizodaning o‘rtancha qizining turmush o‘rtog‘i, shoir Hasan Irfonni ham qamashgan.
10 yilga hukm qilingan otam Sibirga jo‘natiladi. Pechyora daryosi bo‘yidagi turmada otamni 80 kishilik mahbuslar guruhiga brigadir qilib qo‘yishadi. Otamning aytishicha, ertalab nonushtaga olib borish-qaytish jarayonining o‘zida, yo‘lda ochlikdan kuniga 3-4 kishi o‘lgan”. Mahbuslar asosan o‘rmonda daraxt kesish bilan shug‘ullangan. Daraxtlarni kesib, daryoda oqizishgan. 3-4 yil shu yerda ishlash jarayonida daryoga qayiqda tushib, daraxtlarni bir-biriga bog‘lash jarayonlarining birida otam o‘tirgan qayiq ag‘darilib ketadi. Dekabr oyining izg‘irin kunlarida sodir bo‘lgan voqeada sheriklari suvda oqib, muzlab, halok bo‘lishadi. Otam sportchi bo‘lgani, baquvvatligi sabab daryo qirg‘og‘iga suzib chiqadi, ammo sil kasalligini orttirib oladi. Xullas, 8 yil Sibir qamoqlarida bo‘lib, 1945 yilning oxirgi oylarida uyga qaytib keladi. Men o‘sha vaqtlar 9-10 yoshlarda edim. Butun shahar aholisi otamni ko‘rishga kelgandi o‘shanda.
Otam turmada orttirgan kasalligi tufayli 6 oy azob chekdi, davolandi.
Otamning uchta – veterinar Xadichabegim, filolog Saidabegim (shoir Hasan Irfonning xotini) va shifokor Sharofatbegim ismli singillari bor edi. Ammam Xadichabegimning turmush o‘rtog‘ini 1927 yilda Tojikistonning Garm shahriga muallimlikka ishga yuborishadi va u kishini o‘sha yerda o‘ldirishadi. Qishloq xo‘jalik institutini bitirgan ammamiz keyinchalik Jizzaxning Moskva kolxozida veterinar vrach bo‘lib ko‘p yillar ishlagan. Turmush qurmagan va Saidrizo bobomizni qamashgach, buvimizni o‘zi bilan Jizzaxga olib ketgan.
Otam qamalgandan keyin 4 farzand onam bilan juda qiyin ahvolda qolganmiz. Bobom, otam qamoqda bo‘lgan qiyin kunlarning birida bir samarqandlik kishi “Xalq dushmanining farzandlari, nabiralari yer va mulk solig‘ini to‘lamaydi”, deb yozib bergan. Tabiiyki, bobomning hovli-joyi uchun soliq to‘lash imkoniyatimiz bo‘lmagan. Onamning topgani ro‘zg‘ordan ortmagan, biz bola bo‘lganmiz. Soliqni vaqtida to‘lamaslik bahonasida onam va biz, 4 farzandni ko‘chaga haydab, uyimizni tortib olmoqchi bo‘lishgan.
Bu xabarni eshitgan onam pochtaga borib, Jizzaxda yashayotgan Xadicha ammamizga telegram yuborgan. Ammam bu xabarni Sindor Hamroqulov va Sharof Rashidovning otalariga yetkazib, yordam berishlarini so‘ragan. O‘sha paytda yurtga tanilgan bu otaxonlar Xadicha ammamizga pul berib, Samarqandga yuborgan. Ammam olib kelgan pulni soliq uchun berib, hovlimizni saqlab qolganmiz.
Otam turmadan qaytganida ham Xadicha ammam Jizzaxdan bir qo‘yni so‘yib, bir qop un, bir qop guruch bilan kelib, otam sog‘ayib oyoqqa turib ketgunlaricha qarashib turdilar.
Otam Tagi Alizoda oyoqqa turgandan keyin “Hujum” fabrikasining direktori Hoji Yormuhammedov u kishini kommunal xo‘jalik bo‘limiga ishga oldi. Keyinchalik otamga zavodning hisobidan bir sigir berishdi. So‘ng shoyi to‘qish fabrikasiga ishga o‘tib, pensiyaga chiqqunicha shu fabrikada mehnat qildi. 1977 yilning avgustida olamdan o‘tdi.
Otamning vafotidan oldin, 1977 yilning aprel oyida tush ko‘rdim. Tushimda bobom “shaharning Chorraha ko‘chasidagi falon kishining uyida kitoblarim bor. O‘shani uyga olib kelib qo‘yinglar”, dedi. Ertalab bu gapni otamga aytdim. Taksi ushlab, aytilgan manzilga otam bilan bordik. Uy egasi bizni kiritmadi. Qaytib keldik. Ertasiga yana o‘sha tushim qaytarildi. Bu gapni kasal yotgan otamga aytdim. Yana yo‘lga otlandik, hovlidan kecha ko‘nmagan ayol chiqdi. Men “kirishga ijozat bering, nima desangiz roziman”, dedim. Ayol ko‘zi ojiz eridan ruxsat so‘rab keldi. Kirishimizga izn beribdi. Otam bilan ertalab soat 10:00 dan peshin soat 16:00 gacha hovlidagi kitoblar orasidan bobomning 7 ta kitobini topdik. Bir kitobning orasidan bobom bilan bog‘liq ma’lumotni topishga muvaffaq bo‘ldik. Unda bobom haqidagi “Bildirishnoma”ga ko‘zim tushdi. Keyinchalik shu “Bildirishnoma” sabab bobomning qabrini topib, hokini Samarqandga olib kelishga muvaffaq bo‘ldim.
Vafotidan oldin otam “Bobongning hokini olib kelish nasib etsa, mening qabrimning yoniga qo‘yinglar”, deya vasiyat qilgandi. Bugun otamning ushbu vasiyatini ado etganimdan ruhim yengil tortadi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV yozib oldi.