Ibrat: Qo‘shnining idishi

Idishlarni yuva turib, xayoli bo‘linib ketdi. Qo‘shnining laganini bo‘sh qaytarish to‘g‘ri bo‘lmaydi… Nima solgan ma’qul? Shirinlikmi yoki meva? Erta bahorda meva tansiqroq, degan qarorga keldi.
Qachonlardir “shaharda qo‘shnichilik yo‘q, hamma o‘z hayoti bilan band” deb eshitgandi. Lekin bu gap unchalik ham to‘g‘ri emas ekan. Mana, tanishib ham olishdi, hatto bir-biriga ovqat uzatadigan darajaga yetishdi.
Aslida, hammasini u boshlagandi. Ko‘chib kelganiga ko‘p bo‘lmagan, yangi muhit, yangi odamlar. Bir kuni Samarqanddan keltirilgan mozorbosti non va boshqa milliy taomlarni qo‘shniga uzatdi. Bu orqali bir xil muhitda, bir dargoh ostida yashasalar-da, tanishib, bir-biriga iliqlik bildirish mumkinligini ko‘rsatgisi kelgandi. O‘sha kundan so‘ng qo‘shnilari ham o‘z taomlaridan uzatib turishni odat qilishdi.
U bir umr hovlida yashagan, bunday ko‘pqavatli uydagi muhit unga juda siqiqday tuyuldi. Dastlab, xonalarni “qafas”ga o‘xshatdi - begona shahar, begona odamlar, boshqacha hayot. Eng qizig‘i, bu uyda yashovchilar har xil millat vakillari - ruslar, tatarlar, qozoqlar, tojiklar va o‘zbeklar. Hammalari ishlaydi, kunduzi uylar bo‘m-bo‘sh. Kech tushishi bilan esa hayot boshlanadi. Hammasi pastga - "besedka"ga tushib, gurung qilishga kirishadi.
Har biri o‘z taomi, choyi yoki shirinligi bilan keladi. Kattalar stol atrofida, bolalar esa maydonchada. Yoshlar o‘z davrasida. Qaysi tilda gaplashishlarini ham anglab bo‘lmaydi - o‘zbekcha, ruscha, tatarcha, qozoqcha, hatto tojikcha ham eshitilib qoladi. Bu holat unga boshda g‘alati tuyuldi. Hozirgi zamonda, bir uyda er-xotinlar, farzandlar ham bir-biri bilan kam gaplashadi. Hamma internetda band. Bunday samimiy muloqot juda kamyob.
Idish…
Qo‘shnisi taom uzatgan idishga mevalar soldi. O‘g‘li kelishi bilan uni chiqarib yuboradi. Shu xayolda idishni stol ustiga qo‘yayotgandi, yotoqxonada turgan qo‘l telefoni musiqa chala boshladi.
Turmush o‘rtog‘i bo‘lishi mumkin - bir joyga borishlari kerak edi! Darhol javob berish kerak. Burilganini biladi… shu payt idish cheti kafelga tegdi. Bir burchagi uchib ketdi… sinib tushdi!
- Ana xolos!
Birovning idishi edi! Endi nima bo‘ladi? Telefonga shoshilib javob berdi - eri emas, boshqa birov adashib qo‘ng‘iroq qilgan ekan. Lekin endi eng katta muammo - qo‘shnining idishi sindi!
Zudlik bilan chora topish kerak. Idishlar sotiladigan do‘konga yoki bozorga borish kerak.
- Ertaga birga borib kelamiz. Ro‘za bo‘lsang, charchab qolasan-ku. Bozorda hozir nima bor o‘zi? - dedi eri.
Biroq u shu paytning o‘zida chiqishi kerakligini his qildi. Idishni sindirib qo‘ygani uni bezovta qilib qo‘ydi. Hech bo‘lmaganda shunaqasini topishi kerak.
Izlanish…
Bozorga yo‘l oldi. Singan idishni ham o‘zi bilan olgan - aynan shunaqasidan topishi kerak, axir!
Ha, aytganlaridek, “izlagan narsang topilishi qiyin” ekan. Do‘konlarni birma-bir aylandi, savdogarlardan so‘radi. Hatto omborxonalarga ham qaradi. Yo‘q!
“Rostini aytsammikin? Boshqa idish berarman, tushunishar…” degan o‘y keldi xayoliga.
Yo‘q! Befarosat deb o‘ylashadi! Birovning narsasiga ehtiyot bo‘lish kerak.
U shahar bo‘ylab qidirishda davom etdi. Do‘konchilar hayron bo‘lib:
- Nega singan idishni ko‘tarib yuribsiz? - deb so‘rashdi.
Har biriga tushuntirib o‘tirmaydi-ku! Aynan shunaqasidan kerak! Tamom-vassalom!
Shaharning boshqa tomonidagi bozorga bordi. Shu yerdan topilsin endi!
Oyog‘i toliqdi, chanqadi. “Nega topilmayapti?” deb xafa bo‘lib ham ketdi.
Va nihoyat… topildi!
Topilmaguncha to‘xtamadi-da! Undan baxtli odam yo‘q edi o‘sha payt. Ha, dunyoda eng oddiy narsa ham ba’zan katta ahamiyat kasb etadi.
Yo‘lda kelarkan, "qilig‘i" ga o‘zining kulgisi kelib ketdi. “Bir idish uchun shuncha ovora bo‘ldim, yarim kunim shu tashvish bilan o‘tdi!”.
Bu kun bayram arafasi edi. Boshqa muhim ishlar ham bor edi, aslida.
Ammo u o‘zini tushundi: agar idish topilmaganda, bayram ham tatimasdi.
Ha, shunday.
Topilganiga shukr!
Gulchehra Berdiyorova,
Navoiy shahri.