Ibratli hikoya: Oyoq ostidagi baxt va baxtsizlik

Bir odamning uch orzusi bor ekan. U katta maoshli ishi, go‘zal turmush o‘rtog‘i bo‘lishini va olamga mashhur bo‘lishni xohlarkan.
Kunlarning birida o‘sha odam taniqli firmaga ishga kirish uchun otlanibdi. Yo‘lda ketayotganida uning yo‘lida bir qariya yomon yiqilib tushibdi. Agar unga yordam berib, g‘amxo‘rlik qilsam qabulga kechga qolaman, bu bir piyonista bo‘lsa kerak, deb xayolidan o‘tkazib, qariyaga yordam bermabdi. Ammo u baribir ishga qabul qilinmabdi, suhbatdan o‘ta olmabdi.
Kunlarning yana birida ko‘chada sayr qilib yursa, ko‘cha artistlari ajoyib tomosha ko‘rsatayotgan ekan. U maza qilib tomoshani ko‘ribdi. Atrofdagi odamlar artistlarni olqishlashibdi. U bo‘lsa yo‘lida davom eta boshlabdi. Shunda uning yoniga kampir kiyofasidagi aktrisa yugurib kelib tomosha haqidagi fikrini so‘rabdi. Haligi odam kampirdan jirkanib, javob bermasdan ketib qolibdi.
Yana bir yomg‘irli kunda u odamning ko‘zi uning uyi oldidagi o‘rindiqda yig‘lab o‘tirgan bir yupun ayolga tushibdi. Ayol undan bir tunga boshpana so‘rabdi, lekin u odamning ayolga yordam bergisi kelmabdi va shoshilib, issiq uyiga kirib ketibdi.
Yillar o‘tib, o‘sha odam bir umr ro‘shnolik ko‘rmay olamdan o‘tibdi va u dunyoga borganida farishtaga hayotini nolib so‘zlab beribdi. "Esingdami, - debdi farishta, - yiqilib tushgan qariya sendan tayanch istab qo‘lini cho‘zgandi, o‘sha qariya sen ishga joylashmoqchi bo‘lgan firma boshlig‘ining otasi edi. Sening orqangda esa uning o‘g‘li otasi tomon shoshib kelayotgandi... Aktrisa kampirni eslaysanmi? U aslida go‘zal, yosh ayol edi, u seni yoqtirib qolgandi, u seni baxtli qilishi mumkin edi, sen rad etding... va nihoyat eshiging yonida sendan boshpana so‘ragan ayol yodingdami? O‘sha ayol mashhur adiba edi, u o‘sha kuni nihoyatda daldaga muhtoj edi... sen unga yordam berganingda, shubhasiz, sen haqingda "eng yaxshi inson" deya doston yozardi... Afsuski, sen hech kimga yordam bermading. Agar ularga yordam berganingda hamma orzularing amalga oshgan bo‘lar edi va bu yaxshiliklaringni ajr-savobi bu dunyo jannatiga yo‘l ochar edi... " - debdi.
***
Xulosa: Ikki dunyo saodatini qilgan yaxshi amallaringizdan topasiz.