Ibratli voqea: Ustun

Sochimni oldirib keldim. Tap-taqir boshimga razm solib, otam xo‘rsindi.

– Ketyapman, degin.

– Ketyapman, ota.

– Qayergaligi ma’lum bo‘ldimi?

– Ma’lum. Afg‘onga deyishyapti. Yana... kim bilsin?

– Sovuq xabarning yolg‘oni bo‘lmaydi. Demak, urushga ketyapsan...

Otam boshini sarak-sarak qildi. Og‘ir uh tortdi – o‘pka-jigari uzilib ketganday ihradi: «Hoy bola-ya, hoy bola...». Ichidan bir ihroq otilib chiqdi. Ustunga suyanib, menga tosh qotib termulib turdi-da:

– Otamni urush o‘ldirganini bilasan-a, – dedi. – Uch yoshimda yetim qoldim. Otam meni yetim qildi. Lekin, lekin sen meni yetim qilma, bolam... - deya otam o‘pkasi to‘lib o‘kirib yig‘lab yubordi...

Oyoq-qo‘lim bo‘shashib, sillam qurib supaga o‘tirib qoldim. Nazarimda, shu ustun bo‘lmaganda otam qulab tushardi.  O‘sha payt shu ustun otamning boshidagi osmonni ham suyab turardi go‘yo...

Men urushga ketdim. O‘t-olov ichida sargardon kezgan paytlarimda quloqlarim ostida o‘sha yalinch jaranglab turdi: «...Sen meni yetim qilma, bolam!..». Gospitalda tig‘ ostida yotganimda o‘sha iltijo jarangladi: «Sen meni yetim qilma, bolam...».

Dahshatli janglar oldidan Parvardigorga yalindim: «Ey, xudo, o‘zing asra, men o‘lmayin, otam yetim qolmasin...».

Men qaytdim. Men bir urushni ko‘rdim, otam men va otasi tufayli ikki urushni ko‘rdi. To‘g‘ri, urushning katta-kichigi bo‘lmaydi. Faqat bir narsa taskin beradi: «Mening urushim» otamni yetim qilmadi.

Xudoga shukr, otajonim hayot! Umri uzoq bo‘lsin, sakson yoshga qarab ketdi.

Hovlimiz o‘rtasida o‘sha ustun hali ham turibdi. Yaqinda men uyimizni ta’mirladim. Ustun atrofini to‘rtburchak qilib odam beli barobarida marmar devor bilan o‘radim. Chunki ustunni ag‘darib tashlashga jur’atim yetmadi... U ustun og‘ir kunda otamni suyagan edi... Men otamga ustun bo‘lolmagan kezlar shu ustun otamga suyanch bo‘lgan.

 

Manba