Ichki intizom tug‘ma bo‘ladimi yoki o‘rganiladimi?
Bu haqda bolalar bog‘chasi va maktabdayoq tasavvurimizni shakllantirishgan, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilgan, ya’ni darsga kechikmasdan keladigan, odob bilan o‘tiradigan, uyga vazifani bajaradigan, yomon so‘zlarni aytmaydigan o‘quvchi intizomli hisoblanadi.
Katta yoshdagilarga mezon o‘zgarmasa-da, harakat doirasi kengayadi, xolos. Intizomli xodim ishga kechikmaydi, ishdan o‘z vaqtida ketadi, ish vaqtidan unumli foydalanadi, topshiriqlarni talab darajasida bajaradi. Bunga o‘ziga yarashadigan, toza-ozoda kiyimda yuradigan, atrofdagilarga samimiy munosabatda bo‘ladiganlarni ham qo‘shish mumkin.
Odatda, intizom nazorat qilinadi, shuning uchun uning talablariga rioya etiladi, aks holda chora ko‘rish tizimi bor. Chunki intizom insonga obro‘, muvaffaqiyat keltiradi, vaqtdan samarali foydalanishga yordam beradi. Intizom jamiyat barqarorligini ta’minlaydi.
Ammo ichki intizom, nazarimda, sal kengroq tushuncha. U majburiy rioya etiladigan tashqi intizomga bo‘ysunmasligi mumkin. Negaki, ichki intizom zakovat, farosat, ma’naviyat kabi tug‘ma fazilatlar bilan bog‘liq. Bu fazilatlar kishining atrofga sinchkov qarashini, nafsini tiyishini, gunohdan saqlanishini ta’minlaydi. Ichki intizom tabiiy ro‘y beradi, chunki uni o‘zlashtirish nihoyatda mushkul ish.
Ichki intizomni inson ma’naviyati deb tushunsa ham bo‘ladi. Chunki u shaxsning xotirini jamlab, xayolini bir maqsadga qaratib, vujudini mahkam ushlab turadi, vijdoniga qarshi ish tutishga yo‘l qo‘ymaydi.
Tasavvuringiz oydinroq bo‘lishi uchun ayrim misollarni keltirib o‘taman.
Ichki intizom shakllangan erkak uyga qaytganda kiyimlarini almashtirib, tahorat oladi. Dasturxon atrofida noo‘xshov o‘tirmaydi, yonboshlab olmaydi. Bolalarining oldida ayoliga baland ovoz bilan ish buyurmaydi.
Yoki darvozasining oldini, hovlisini ertalab supurmagan, kecha ovqat yeyilgan idishlarni yuvib qo‘ymagan, vannani tozalamagan, yuvilgan kiyimlarni hovlining o‘rtasiga yoyib quritadigan ayolda ichki intizom shakllanmaganini anglash qiyin emas.
Ayrim yoshlar uyda onasi yoki turmush o‘rtog‘iga ro‘zg‘or ishida ko‘maklashishni or biladi. Ba’zilar keksa ota-onasi ko‘ziga tik qarab, baland ovozda ularga e’tiroz bildiradi, bolalari, oila a’zolarining oldida yarim yalang‘och holda yuradi. Biz odatda bundaylarni farosatsiz kishilar deymiz.
Rahbarlar, mas’ul xodimlar orasida ham ichki intizom shakllanmaganlari uchraydi. Yig‘ilishda jahl ustida xodimlarining nafsoniyatiga tegadiganlar, xodimini ishdan haydashga intilganlar, tadbirga tayyorgarlik ko‘rmay keladiganlar, topshiriqni azbaroyi qutulish uchun ijro etadiganlarni nazarda tutyapman. Farosati bo‘lmagan kishilar hamisha o‘zini oqlashga urinadi.
E’tibor qilganmisiz, gunoh qilganlar sha’niga ko‘pincha “padaringga....”, “seni tarbiya qilganga...” degan salbiy so‘zlarni aytishadi. Bu bejiz emas. Gap tarbiya haqida bormoqda. Ichki intizom, farosat, madaniyat qondan, ota-ona ibratidan shakllanadi. Ya’ni, “qariysan, qartasan, asli naslingga tortasan”. Mutaxassislarning tahliliga ko‘ra, ona homilasidan yetti yoshigacha bola qanday muhitda ulg‘aysa, umrining oxirigacha o‘sha ichki intizom bilan yasharkan.
Binobarin, muqaddas dinimizda ham, davlatimizning bugungi siyosatida ham inson komilligi ustuvor g‘oya hisoblanadi. Oilaning har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotgani, bolalar tarbiyasi va ilm olishi uchun ko‘plab sharoitlar yaratilayotganining sababi ham shunda. Ayniqsa, pandemiya sharoiti bu jarayon nechog‘lik zarur va mushkul ekanligini barchamizga ko‘rsatdi. Endigi vazifa har bir ota-onaga farzand tarbiyasi, o‘g‘il-qizlarga ibrat yo‘lidagi mas’uliyat hissini singdira olishdir. Ota-onaning shaxsiy ibrati bu ularning bolalari kamoliga yo‘naltiriladigan eng qadrli va samarali sarmoyadir.
Shu o‘rinda bir misol. Bundan 27 yil oldin hindistonlik oddiy oila farzandi Sundar Pichay AQShning Stenford universitetida o‘qish uchun grant yutadi. Biroq Hindistondan u yerga borishga mablag‘i bo‘lmaydi. Shunda otasi o‘zining qariyb bir yillik maoshiga teng pulga unga chipta olib beradi. Yigit umrida birinchi marta samolyotga chiqib, AQShga ketadi. O‘sha yigit 2015 yilda jahonning eng boy kompaniyalaridan biri hisoblangan Google shirkatining bosh direktori etib tayinlanadi. Mana, otaning shaxsiy ibrati, bir paytlar farzandi kamoli uchun kiritgan sarmoyasi kun kelib o‘z mevasini berdi.
Iqtisodiy qiyinchilik bahonasida farzand tarbiyasiga e’tibor bermaganlar, uning taqdirini maktab-u ko‘chaga ishonib qo‘yganlar ne ko‘ylarga tushganini ko‘rdik. Shunday ekan, farzandimiz noto‘g‘ri yo‘lga kirsa, uning sababini jamiyatdan emas, o‘zimiz bergan tarbiyadan izlaylik. Zero, allomalar aytganidek, hayotdagi mushkulot sababini o‘z harakatidan qidirish komillik belgisidir.
Farmon TOShEV.