Iftorlik dasturxoni o‘rnida saxovat “tuguncha”si

  Yaqin yillargacha ko‘p joylarda ro‘za oyida iftorlik qilish uchun odamlar navbat kutardi. Ramazon boshlanishidan oldin ro‘zaning dastlabki kunlarida kim iftorlik qilishi ma’lum bo‘lardi. Odamlar masjid yoki mahallaga borib, navbatga yozdirib kelishardi. Keyin oqsoqollar, katta yoshli kishilar, qarindosh-urug‘ni uylariga taklif qilib, iftorlik dasturxoni yozishardi. Ba’zida bunday marosimlar katta-katta restoran-u to‘yxonalarga ko‘chganiga ham guvoh bo‘lganmiz. Ko‘pchiligimiz buni savobli amal, mahalladoshlar o‘rtasidagi mehr-oqibatni kuchaytiradi, deb hisoblaganmiz.

  Ammo shunisi ham bor ediki, o‘tgan yilgi ramazondan bu yilgi ramazongacha bo‘lgan vaqt mobaynida qaysi xonadonda kimdir vafot etgan bo‘lsa, o‘sha oila a’zolari marhumning xotirasi uchun yoki bu amaldan savob umidida iftorlik qilishiga to‘g‘ri kelardi.

  Albatta, har kim imkoniyatiga qarab odam chaqirardi. Lekin juda kamchiqim qilib o‘tkazilgan iftorlikda ham kamida 50-60 kishi jam bo‘lardi. Iftor uchun qanday dasturxon tuzalishi esa barchamizga yaxshi ma’lum. Garchi bunga ehtiyoj bo‘lmasa-da, ro‘za tutgan kishi avvalgidan kamroq taom yesa-da dasturxonga eng sara, tansiq, ne’matlar qo‘yiladi, bir necha xil issiq ovqat tortiladi. Natijada xonadon egasi iftorlik uchun kattagina xarajat qilishiga to‘g‘ri keladi.

  Endi o‘ylab ko‘ring, aziz bir kishisidan ayrilib, boshiga musibat tushgan, azador oila uchun bunday marosimni o‘tkazish qanchalik joiz? Bunday iftorliklarga asosan keksalar, ro‘za tutgan kishilar taklif etilishini inobatga olsak, har kuni bu kabi to‘kin dasturxondan ovqatlanish ularning salomatligi uchun ziyon emasmi?

  Yaxshiki, keyingi paytda bunday iftorliklar kamaydi. Savob umidida o‘tkaziladigan tadbirni xonadonda, iftorlikka muhtoj kishilarni taklif qilib, kamtarona dasturxon yozib o‘tkazish targ‘ib qilindi. Odamlar shunga moslashdi.

  Bu yil esa koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin sababli har bir inson Ramazon oyi bilan bog‘liq marosimlar, ibodat amallarini o‘z xonadonida o‘tkazmoqda. Odamlar oila davrasida saharlik, iftorlik qilish va boshqa farz amallarni bajarishning zavqi va gashtini tuyib, bunga ham o‘rganib qolishdi.

  Kecha qishloqqa borganimda mahallamiz raisi bu yil hech bir xonadan – azador ham, o‘ziga to‘q oila ham iftorlik o‘tkazmayotganini aytdi. Iftorlik o‘tkazishni niyat qilgan kishilar esa savob umidida, asosiysi, silai rahmni unutmagan holda qo‘ni-qo‘shni, kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatayotgan ekan.

  Ha, bugun kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik fazilatlari yana ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Buni pandemiya sharoitida saxovatli yurtdoshlarimiz, tadbirkorlarning ehtiyojmand oilalar, nogiron va bemorlar, keksalarga ko‘rsatayotgan mehr-muruvvatida, g‘amxo‘rligida ko‘ryapmiz. O‘tgan hafta Buxorda, so‘ngra Sirdaryo viloyatida ro‘y bergan tabiiy ofat, baxtsiz hodisalar esa butun mamlakatimizni, xalqimizni yanada jipslashtirdi, ro‘y bergan ofatlarni birgalikda yengish uchun qudratli kuchga aylantirdi. Bu kuchning qudrati Ramazon oyidagi savobli amallar bilan yanada oshayotgan bo‘lsa, ne ajab.

  G‘olib HASANOV. Iftorlik dasturxoni o‘rnida saxovat “tuguncha”si

  G‘olib HASANOV.