IIV Straus House’dan jabrlanganlarni hududlardagi tergov bo‘limlariga murojaat qilishga chaqirdi
Straus House MChJ ta’sischisi Ibrohim Isroilovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov departamenti Straus House MChJ mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan jinoyat natijasida jabr ko‘rgan fuqarolardan tergov organiga murojaat qilishni so‘ragan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda Straus House MChJ mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan jinoyat oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIB huzuridagi tergov boshqarmalari, shuningdek, respublikaning barcha shahar va tuman IIBlari huzuridagi tergov bo‘limlarida tergov guruhlari tashkil etilgan.
«Agarda siz Straus House MChJ mansabdor shaxslarining jinoiy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz o‘zingizga yaqin bo‘lgan ichki ishlar bo‘limiga, shuningdek, Tergov departamentining +998712314628 va +998712336534 telefon raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz», deyiladi Tergov departamenti ma’lumotida.
Ma’lumot uchun, markazlashgan tergov guruhi Tergov departamentida tashkil etilgan.
Manzil: Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy ko‘chasi, 1-uy.
Markazlashgan tergov guruhi rahbari: Tergov departamenti katta tergovchisi Utemuratov Azat Minajovich.
Murojaat uchun telefon: +998982792580 va +998712314128.