Tuyaqush go‘shti qandli diabet, saraton, OITS kabi kasalliklarni yengishda immun tizimini yaxshilaydi
Tuyaqush boqish eng daromadli sohalardan biri. Uning pati, terisi, go‘shti, tirnog‘i, ichki yog‘i va hattoki oyog‘ining terisidan ham turli mahsulotlar, xususan, ayollar sumkasi, hamyon, poyabzallar ishlab chiqarish mumkin.
Tuyaqushning terisidan tayyorlangan, yaxshi ishlov berilgan mahsulot 30 yil davomida o‘zining jilvakorligini, sifatini yo‘qotmaydi.
Tuyaqush 70 yilgacha umr ko‘radi. 40 yil tuxum qo‘yib, nasl beradi. 12-14 oyda go‘shti, terisi, umuman, har bir a’zosidan kerakli mahsulot tayyorlash mumkin. Tuyaqushning go‘shti mazali bo‘lib, ko‘pgina kasalliklarga malham. Masalan, qandli diabet, saraton, OITS kabi kasalliklarni yengishda immun tizimini yaxshilaydi.
Samarqand shahridagi yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan “Yoshlar qishloq xo‘jalik innovatsion tadbirkorlik yo‘lida” mavzusidagi ko‘rgazmali seminarda shular xususida so‘z bordi.
Unda Toshkent shahridagi “STRAUS HOUSE” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ibrohim Isroilov tuyaqush boqish sirlari, uning mahsulotlariga bo‘lgan talab, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va daromad manbai haqida ma’lumot berdi.
– Hamkasblarim bilan birgalikda chorva va parrandachilik sohasini chuqur o‘rgandik, – deydi I.Isroilov. – Bugungi kunda eng serdaromad bo‘lgan tuyaqushni tanlab, yurtimizda yetishtirib, undan olinadigan mahsulotlarni 10 ta davlatga eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ayni vaqtda korxonamizda 100 ga yaqin yoshlarning bandligi ta’minlangan. 2020 yilning boshlarida mingga yaqin yoshlarni o‘z safimizga qo‘shish niyatidamiz.
Tadbir doirasida ishtirokchilar tuyaqush terisidan tayyorlangan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, uning sifatiga baho berdi. Masalan, tuyaqush terisidan xorijda tayyorlangan sumkaning bahosi 1700 dollar ekan.
Faqat bizda jahon bozoriga chiqish uchun sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan texnologiyalar mavjud emas. Kelgusida yurtimizda xomashyoni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar qurish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Agrar soha rivojiga mening hissam” shiori ostida tuyaqushchilik va parrandachilik ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Bahriddin XONKELDIYEV.