Ijodkorlar ma’rifat ulashdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli shoir va mohir jurnalistlar Tohir Doliyev, Abdurasul Jumaqulov hamda Go‘zal Begim talabalar bilan uchrashib, yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning jamiyatda o‘z munosib o‘rinlarini topishlari uchun davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, iste’dodli yigit-qizlar erishayotgan natijalar haqida so‘z yuritdilar.
Shuningdek, ijodkorlar o‘z yoshlik yillari, hayotda erishgan muvaffaqiyatlari va bugungi adabiy jarayonlar haqida gapirib berdi.
– Men ham Samarqand farzandiman, Oqdaryo tumanidagi qishloqda tug‘ilib o‘sganman, – deydi “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi” jurnali bosh muharriri Tohir Doliyev. – Oilamizdagi ma’rifiy muhit, ziyoli, ijodkor tog‘alarim maslahatlari, tavsiyalari bilan Toshkentda o‘qib, jurnalistika sohasida faoliyat yuritib kelyapman. Qariyb yarim asrlik ish faoliyatim, ijodim davomida shunga amin bo‘ldimki, hayotda muvaffaqiyatga erishishning yagona yo‘li – ilm olish, mehnat qilishda ekan. Ko‘p o‘qigan odam ko‘p narsani bilishi, kam xato qilishi va yaxshi yashashini angladim. Mehnat bilan, mashaqqat bilan erishilgan har qanday ne’mat qadrli bo‘lishiga hayot yo‘llarida ko‘p guvoh bo‘ldim.
Uchrashuvda poytaxtdan kelgan ijodkorlar she’rlaridan namunalar o‘qidi. Shuningdek, universitet iqtidorli talabalari tomonidan ijodkorlar asarlari asosida tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Loyiha doirasida universitetda talabalar o‘rtasida “Insholar tanlovi”, “Munozara” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi.
Ijodkorlar ta’lim sifatini oshirish maqsadida universitetga biriktirilgan Past Darg‘om tumanidagi 17, 28 va 125-umumta’lim maktablarida bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan ham ijodiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Maktablar kutubxonalariga kitoblar sovg‘a qilindi.