Ijro hokimiyatining vakolat va imkoniyatlari boshqa hokimiyatlarnikidan yuqori

Bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanib qolyapti: ijro hokimiyati sud va qonun chiqaruvchi hokimiyatga nisbatan jamiyat hayotida roli kengroq. O‘zaro tiyib turish tamoyillari, bir-birini nazorat funksiyalarini amalda ishlashi uchun nima yetishmayapti?

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Polvonovning fikrlari quyidagicha: 

- Tan olish kerak, bugungi kunda ijro hokimiyatining xalq, davlat va jamiyat hayotidagi roli juda keng. Menimcha, bu ijro hokimiyatiga berilgan vakolatlar va imkoniyatlar yuqoriligi bilan bog‘liq.

To‘g‘ri, parlamentni davlat ahamiyatiga molik masalalarni ko‘rib chiqish borasidagi vakolatlari doirasi ham ancha kengaydi. Jumladan, parlamentda “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va byudjetnomani ko‘rib chiqish, Bosh vazir va hukumat a’zolarini tayinlash (saylash), Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun nazarda tutilgan asosiy ustuvorliklar to‘g‘risidagi ma’ruzasi hamda Davlat dasturi bajarilishi to‘g‘risidagi hisoboti, hukumat a’zolarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti hamda ularning deputatlar savollariga javoblarini eshitish («hukumat soati») institutlari joriy qilindi.

Biroq fikrimcha, parlamentdagi bu jarayonlar hali ham ko‘proq formal tusga ega bo‘lib qolmoqda. Oldimizda parlament nazoratini yanada takomillashtirish, samaradorligini oshirish vazifasi turibdi. Mavjud holatni tahlil qilib, ilmiy asoslangan holda Qonunchilik palatasining qo‘mitalari rolini kuchaytirish kerak, deb hisoblayman.

Hokimiyatlarni o‘zaro tiyib turish tamoyillari, bir-birini nazorat funksiyalarini amalda ishlashi uchun esa qonun ustuvorligi ta’minlanishi muhim hisoblanadi. Sud va vakillik organlarining ijro hokimiyati mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan nazorati, ta’sir doirasini amalda kengaytirilishi yuqorida aytilgan funksiyalarning ishlashini ta’minlab beradi, deb hisoblayman.