Ijtimoiy davlat konsepsiyasi tushuntirildi
Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatovning ishonchli vakili Badriddin Nasriyev Jomboy tumani saylovchilari bilan uchrashdi.
Dastlab nomzodning tarjimai holi haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng ishonchli vakil yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi va dasturi bilan tanishtirdi.
Mazkur dasturda kuchli ijtimoiy siyosat, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar, kafolatli va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, ijtimoiy tenglikka asoslangan demokratiya, sud-huquq islohotlari, konstruktiv tashqi siyosatga oid 9 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq va manzilli taklif hamda tashabbuslar ilgari surilgani qayd etildi.
– Bizning partiyamizning dasturiy maqsadi – ijtimoiy davlat konsepsiyasi, – dedi B.Nasriyev. – Shuning uchun nomzodning dasturida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan ijtimoiy davlat maqomidan kelib chiqib, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash hamda demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishga alohida e’tibor qaratilgan. Ijtimoiy siyosat har bir davlat rivojlanishi
va boshqaruvining, ta’bir joiz bo‘lsa, tayanch ustunidir. Jamiyatdagi turli shaxslar va turli guruhlar o‘rtasidagi tenglikni tartibga solishda, ijtimoiy adolat va ijtimoiy muvozanatni ta’minlashda uning o‘rni beqiyos. Ijtimoiy davlat barpo etishni o‘zining eng oliy maqsadi deb bilgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining mamlakat prezidentligiga nomzodi tomonidan ilgari surilayotgan dastur aynan shu haqiqat asosiga qurilgan.
Uchrashuv qatnashchilari dasturga o‘z munosabatlarini bildirib, ko‘plab savollariga javob oldilar.
Ishonchli vakil jomboyliklarni 9 iyul kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.