Ijtimoiy nafaqalarni tayinlash jarayoni avtomatlashtiriladi
“Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, 2020 yilning 1 sentyabridan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi.
Kam ta’minlangan oilalarning ehtiyojmandlik darajasini ob’yektiv baholash, qarorlarni qabul qilishda sub’yektiv yondashuvni bartaraf etish tizimni joriy etishning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Qaror bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda fuqarolardan talab etilmaydigan hujjatlar va ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va 12 oy davomida amal qiladi.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatida fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT orqali ijtimoiy nafaqalarni tayinlashga oid murojaatlari va shikoyatlarini qabul qilish bo‘yicha sho‘’basi tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun: “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT 2019 yil 1 oktyabridan buyon tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida ishlatib kelinmoqda.