Ijtimoiy ro‘yxatdagi xotin-qizlar qanday imtiyoz va yordamlar olishi mumkin?

“Ayollar daftari”ga kiritilganlarga qanday imtiyozlar berilgan? Xotin-qizlarning bandligiga qanday yo‘nalishlarda ko‘maklashiladi? Necha foizlik stavkada kreditlar beriladi? Ayollarga berilgan 10 ta imtiyoz haqida viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Orif Muhammadiyev Zarnews.uz’ga quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi:
Bandligi ta’minlanadi
Xotin-qizlarning bandligiga quyidagi yo‘nalishlarda ko‘maklashiladi:
a) tarmoq va hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtirish;
b) mavjud vakansiya va zaxira (kvota) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
v) kooperativlarga jalb etish;
g) kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil etish, tadbirkorlikka jalb etish, o‘zini o‘zi mustaqil ravishda band qilishni rivojlantirishga doir faoliyatni tashkil etish orqali bandlikka ko‘maklashish.
Tadbirkorlikka jalb qilinadi
Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
a) o‘quv kurslarini tashkil etish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan va xotin-qizlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish hamda biznes loyihalarini tuzishga ko‘maklashadi;
b) tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun kredit ajratiladi.
Kreditlar 33 million so‘mgacha miqdorda ajratiladi.
Kreditlarni ilgari olingan kreditlar yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarishga, shaxsiy ehtiyoj uchun avtotransport vositasi sotib olishga, ma’muriy xarajatlarni to‘lashga, jumladan, avtotransport vositasining ta’minoti, mebel, aloqa xizmatlari to‘lovi va uyali telefon sotib olishga hamda taqiqlangan faoliyatlarga ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kreditlar 14 foizlik stavkada
• oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga — 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
• chorvachilik (chetdan keltirilgan naslli qo‘y va echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun — 1 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
• bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun — 3 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga ajratiladi.
O‘zini o‘zi band qiladigan xotin-qizlarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xomashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 million so‘mgacha miqdorda kredit mablag‘lari naqd pulda berilishi mumkin.
Kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlash sharti bilan samaradorligi yuqori va barqaror ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihalariga 225 million so‘mdan ortiq, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilangan tartib asosida kredit ajratilishi mumkin.
Kredit summasining aniq miqdori tadbirkor tomonidan ish bilan ta’minlanadigan har bir xotin-qiz uchun 33 million so‘mgacha miqdorga mutanosib ravishda belgilanadi.
Subsidiya ajratiladi
Xotin-qizlarga asbob-uskuna, mehnat qurollari (tikuvchilik, to‘qimachilik, pazandachilik, soch turmaklash, duradgorlik, chilangarlik, qurilish, qishloq xo‘jaligi (motokultivator, o‘t o‘rish o‘roq mashinasi, payvandlash apparati, o‘simliklarga ishlov berish qurilmasi) apparatlarini xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha yoki 10 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Tomorqadan daromad olishga ko‘maklashiladi
Xotin-qizlarga tomorqadan va dehqonchilikdan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
- yengil konstruksiyasli issiqxonalar o‘rnatish;
- parranda, asalari, quyon, baliq va bedana boqishni yo‘lga qo‘yish;
- dehqonchilik bilan shug‘ullanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotish ishlarida har tomonlama ko‘maklashish;
- “Tomorqa xizmati” tashkilotlari va “Dala do‘konlari”ni tashkil etish.
Moddiy yordam ko‘rsatiladi
Tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida bir martalik moddiy yordam beriladi.
Ushbu bir martalik moddiy yordamni to‘lash uchun bir martalik moddiy yordam berish miqdorlari (summasi) ko‘rsatilgan ro‘yxatni tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limiga taqdim etadi.
Bir martalik moddiy yordam to‘lovlari har oyning 5-27 sanalarida amalga oshiriladi.
Bir martalik moddiy yordam bir kalendar yili davomida bir marotaba beriladi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, shuningdek, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi bor yolg‘iz onalarga qo‘shimcha moddiy yordam berish choralari ko‘riladi.
Turarjoy ijara kompensasiyasi to‘lanadi
Fuqarolar yig‘inlari raislari va xotin-qizlar faollari tomonidan turarjoy uchun ijara kompensatsiyasini to‘lab berish bo‘yicha talabnomalar shakllantiriladi.
Xotin-qizlarga turar-joy ijara kompensatsiyasi mazkur talabnomalar hamda sektorlar rahbarlari va tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘ining xulosasi asosida belgilangan tartibda to‘lab beriladi.
Ijtimoiy uy-joylarga ijara huquqi asosida besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan joylashtirilishi yoki homiylar tomonidan mulk huquqi asosida uy-joy bilan ta’minlanishi mumkin.
Uy-joyi ta’mirlanadi
Xotin-qizlarning uy-joyi holati o‘rganiladi va nuqson dalolatnomasi hamda ta’mirlash yoki qurilish materiallarini olib berish bo‘yicha smeta ishlab chiqilib, “Ayollar daftari” jamg‘armasi Vasiylik kengashiga kiritiladi.
Har bir uy-joyni ta’mirlash ishlariga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda mablag‘ ajratiladi.
Tibbiy xizmat ko‘rsatiladi
Xotin-qizlar, shuningdek, ularning voyaga yetmagan (qaramog‘ida II guruh nogironligi bo‘lgan farzandlarining yoshidan qat’i nazar) farzandlariga tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati aniqlanganda, ularning salomatligi hududiy birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasidan shifokor jalb qilingan holda baholanadi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati aniqlanganda, belgilangan tartibda tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasiga yo‘naltiriladi va statsionar yoki ambulator davolanish masalasi hal etiladi.
Tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifaga kiradigan viloyat yoki respublika darajasida davolanishi lozim deb topilgan xotin-qizlar, shuningdek, ularning voyaga yetmagan (qaramog‘ida II guruh nogironligi bo‘lgan farzandlarining yoshidan qat’i nazar) farzandlari belgilangan tartibda elektron navbatga qo‘yilishi ta’minlanadi.
Nogironlik belgilari aniq namoyon bo‘lgan bemorlar belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tish uchun tibbiy-mehnat ekspert komissiyalariga yuboriladi.
Shuningdek, dori-darmon olib berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha hamda murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdordagi xarajatlar to‘lab beriladi.
Huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi
Xotin-qizlarga sayyor qabullar orqali quyidagilar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatiladi:
• prokuratura organlari — huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatish, sudga murojaat qilish tartibini tushuntirish, sudga murojaat qilish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashish;
• ichki ishlar organlari — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni ushbu tahdidlardan himoya qilish, takroriy zo‘ravonlik sodir etilishining oldini olish maqsadida profilaktik suhbatdan o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni tuzatish dasturidan o‘tish bo‘yicha vakolatli organga yuborish, himoya orderi talablarining ijrosini nazorat qilish hamda uning talablarini buzib, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan vakolati doirasida chora ko‘rish;
• adliya organlari — huquqiy maslahatlar berish.
Bundan tashqari, “Ayollar maslahat kengashi”, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy va tumanlararo namunali markazlari, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi huzuridagi “Xotin-qizlar huquqiy, psixologik maslahatxonasi”, ta’lim muassasalarining malakali psixologlari tomonidan psixologik maslahatlar berib boriladi.
Ko‘rsatilgan barcha imtiyoz va yordamlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga taqdim etiladi.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.