Ijtimoiy tarmoq qarmog‘iga ilinib qolmang!
Axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklar axborot almashinuviga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bir paytlar xabar yetkazish uchun kaptarlardan, choparlardan, keyinchalik maktublarni manzillariga yetkazib beruvchi pochta xizmatidan foydalangan insoniyat bugun istagan odami, mamlakati, tashkilot yoki muassasa bilan o‘tirgan joyida turib muloqotga kirishmoqda, muammolarini hal qilmoqda. Bu hayotimizdagi chinakam inqilobiy o‘zgarishlardir.
Natijada muloqotga, axborot almashinuviga xizmat qiladigan o‘ziga xos media-maydon, virtual olam yuzaga keldi va ular asta-sekin butun dunyoni qamrab olmoqda. Hayotimizni internetsiz tasavvur qila olmaydigan darajaga yetib keldik. U kundalik yangiliklarni bilishning eng qulay vositasiga aylandi.
Axborot almashinuvining bu turi hayotimizda ulkan ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi. Birinchi navbatda, odamlarning vaqti tejalishiga erishildi. Kunlar, oylab vaqt talab qilinadigan ishlar axborot texnologiyalari ko‘magida sanoqli daqiqalarda bajarilmoqda. Nafaqat alohida shaxslar, balki davlat miqyosidagi ish yuritish ham virtual olamga o‘tyapti.
Beruniy Alimovning «O‘zbekistondagi davriy nashrlar va umuman an’anaviy OAVdan tashqari ijtimoiy tarmoqlarning bevosita o‘zida ham Vatanimizni ulug‘lovchi, uning tarixi va madaniyatiga e’tiborli kishilarni jamlagan ijtimoiy guruhlar mavjud, zero ular ham jahon media-makonida diyorimiz obro‘sini yanada oshirish borasida katta xizmat qilmoqda», degan fikrlari e’tiborga molik.
Bu tarmoqlardan kimlar foydalanmoqda, degan savolga bir xil javob berib bo‘lmaydi, albatta. Lekin ularning asosiy qismi yoshlardir. Ular nafaqat mamlakat miqyosidagi ijtimoiy guruhlardan foydalanyapti, balki dunyoda keng tarqalgan tarmoqlarga ham chiqayotgani quvonarli, ham tashvishlanarlidir.
Tashvishlanarlisi shuki, media-maydonda paydo bo‘lgan har bir ijtimoiy tarmoq muayyan bir maqsadni ko‘zlaydi. Qay biri global siyosiy kuchlarga, yana biri iqtisodiy raqobatga xizmat qiladi. Ular orasida terrorchilik va diniy-ekstremistik guruhlarga xizmat qilayotganlari ham anchagina. Bunday ijtimoiy guruhlarning va ular ko‘zlagan manfaatlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
Kuzatishlar bunday kuchlar orasida O‘zbekistonga qaratilgan, endigina mustaqillik sharoitida rivojlanib kelayotgan mamlakatning ham ijtimoiy-siyosiy tuzumini yemirib tashlashga, ham iqtisodiy barqaror rivojlanishini barbod qilishga, yoshlar mafkurasiga «ommaviy madaniyat»ni va o‘z turmush tarzini singdirishga urinayotgan kuchlar ham anchagina ekanligini ko‘rsatdi.
Bu kuchlar kimlardan tashkil topganligi ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. Facebook, Instagram, YouTube, Telegram singari ijtimoiy tarmoqlarni o‘rganganimizda ularning aksariyati hokimiyatga intiluvchilar – bir paytlar rahbarlik lavozimlarida ishlagan va biron sabab bilan bo‘shatilgan yoki jinoyat qilib qamalgan, keyinchalik xorijdan panoh izlab, o‘zga yurtlarda yashayotgan kimsalar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Boshqa bir qismi ham o‘zlarini jabrdiyda, deb hisoblashadi va buning uchun boshqalarni, asosan, O‘zbekistondagi yuqori lavozimdagi rahbarlarni, huquq-tartibot organlarini, mahalliy rahbarlarni aybdor deb bilishadi.
Xullas, ularga bugun O‘zbekiston davlatchiligi, mamlakatda olib borilayotgan ishlar ma’qul emas, uni o‘zgartirishni xohlashadi. E’tiborlisi shundaki, o‘zlari o‘zbeklar bo‘lsa-da, ular ham chet ellardan boshpana topishgan. Ular ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarining AQShda (Nyu-York), Litvada, Turkiyada (Istanbul), Rossiyada (Moskva) yashayotganligini aytishgan. Yana bir qismi Toshkentda, Qoraqalpog‘istonda, Andijonda, Qashqadaryoda va hokazo. Lekin bularning birontasi ham ishonarli ma’lumotlar emas.
Ularda asosan O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosatdan yoki hukumatdan norozi bo‘lib ba’zan oshkora, ba’zan kinoya tarzida, ba’zan esa diniy ruhdagi fikrlar ostiga yashiringan postlar qoldirishmoqda. Achinarlisi shundaki, mualliflarining saviyasi va dunyoqarashidan dalolat berib turgan, savodsizlarcha yozilgan bu postlar nafaqat o‘qilmoqda, balki ular ortidan ma’qullaydigan izohlar ham qoldirilmoqda. Gaplar mazmunidan fikr bildirayotganlarning ham aksariyati yoshlar ekanligi bilinib turadi. Chunki yoshi ulug‘lar, ziyoli qatlam bunday fikrlamaydi va bu kabi mazmunsiz postlar qoldirmaydi.
Bizni o‘ylantiradigani bugun zamon bilan hamnafas, mamlakatimizdagi bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlarini o‘z qo‘liga olayotgan yoshlar bilan birga bu kabi fikri sayoz, mulohazasi o‘zidan nariga chiqmaydigan, kim nima desa, shunga ergashib ketaveradigan, ayni paytda, o‘zining borligini ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirib qo‘ygisi keladigan yoshlarning borligidir.
Ularda bu kabi g‘arazli fikrlarni o‘qishga moyillik qayerdan paydo bo‘lganligi kishini o‘ylantiradi. Hali ular hayotda nimani ko‘rib ulguribdiki, ijtimoiy tuzumdan norozi bo‘lsin. Nazarimizda, ularda bilim yetishmaydi, dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan. Biz, ota-onalar va murabbiylar esa bu bilimlarni talab darajasida bera olmayapmiz, ularda Vatan tuyg‘usini shakllantira olmayapmiz.
Bunday kimsalarning harakatidan internetning ulkan imkoniyatidan oqilona va samarali foydalana bilmaslik, tajribaning yetishmasligi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish tartibi belgilangan amaldagi qonunlarni yaxshi bilmaslik sezilib turadi.
Nazarimizda, ular shunchaki qiziqish bilan virtual olamga kirib ketyapti, tarmoqlarda nimalar yozilganligi bilan qiziqyapti. Ayrim g‘arazli tarmoqlarning tuzog‘iga ilinib qolayotganligini va buning natijasida qimmatli umrini, vaqtini behudaga sarflashayotganini sezmay qolishyapti.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga, uning rahbariyatiga qarshi gapirayotganlarni insofga chaqirish, Haq yo‘lida emasligiga ishontirishga, qayta tarbiyalashga urinish samarasiz, nazarimizda. Chunki ular O‘zbekiston mening vatanim, degan tuyg‘udan allaqachon mahrum bo‘lgan. Qilayotgan ishlari ular uchun tirikchilik vositasiga aylangan. Agar mamlakatimiz ustidan mag‘zava to‘kib turmasa, kim ularga bir burda non beradi? Shuning uchun ularni o‘z holiga qo‘yish, yaxshisi, e’tibor qilmaslik kerak. Tushga ne kirmaydi, dushman ne demaydi?..
Biz yoshlar bilan ishlashimiz, ishlaganda ham tizimli ishlashimiz kerak. Ta’lim-tarbiya bilan mashg‘ul bo‘lib, tirikchilik qilayotgan har bir ziyoli bu borada ish uslubini yangilashi zarur. Oladigan maoshimizning kamligidan nolir edik, Prezidentimiz uni 2-3 baravar ko‘paytirdi. Belgilangan me’yordan ortiq ishlasa, rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi. Majburiy mehnatdan nolir edik. Bekor qilindi. Javobimiz esa hamon sezilarli emas. Olmoqning bermog‘i ham borligini ayrimlarimiz unutdik!
Yoshlarimizning virtual olamdan foydalanishdagi tajribasizlik, ijtimoiy-siyosiy voqelikka to‘g‘ri baho bera olmaslik bizga talabalar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni ana shu tomonga yo‘naltirishimiz kerakligini aytmoqda.
Bu yoshlar yo‘qotilgan yoshlar emas. Ularni bu yo‘ldan qaytarish, ezgulik yo‘lida tarbiyalash mumkin. Mana shuning uchun ham yoshlar bilan ishlashni butunlay yangi o‘zanlarda davom ettirish lozim, degan mulohazaga boryapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda qilinayotgan ayrim do‘q-po‘pisalardan sarosimaga tushmasdan, targ‘ibotni chuqur tahlil qilingan ma’lumotlar bilan boyitish zarur. Chunki bugungi talaba ertangi targ‘ibotchi, davlat siyosatini ommaga yetkazuvchi va amalga oshiruvchi kuchdir.
Zebiniso Rahmonova,
Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori,
Suyun Karimov,
Samarqand davlat universiteti professori.