Ijtimoiy tarmoq – qarmoq(mi?)

Tongda turib har doim tuzadigan kunlik rejalarim qatoriga shu mavzuda maqola tayyorlashni ham qo‘shib qo‘ydim. Odamlarni kuzatish maqsadida ishga shaxsiy avtomashinamda emas, avtobusda borishga qaror qildim.

Yoshligimda qaysidir gazetada o‘qiganim yodimga tushdi. Unda yigit-qizlarning kattalarga joy bermasligi uchun o‘zini uxlaganga solishi yoki boshini ko‘tarmasdan, manziliga yetguncha “kitob o‘qib ketishi” yozilgandi. Avtobusda ham shunga o‘xshash holatlarga ko‘zim tushdi. Farqli tomoni, o‘tirgan yoshlarning deyarli barchasi “uxlash” yoki kitob o‘qish o‘rniga qo‘l telefonidan ko‘zini uzmasdi. Hatto tik turib ketayotganlarning ham aksariyati ijtimoiy tarmoqni kuzatish bilan band. Telefonga tikilganlar orasida nafaqat yoshlar, balki yoshi kattalar, bolalar ham bor.

Shu kuni xizmat safari bilan olis qishloqlarning biriga borishga to‘g‘ri keldi. Ishonasizmi, qishloqqa kirib borar ekanmiz, to manzilimizga yetguncha yo‘limizda uchragan, hassaga suyanib kimnidir kutayotgandek bir nuqtaga tikilib turgan keksa otaxondan boshqa deyarli barcha - ko‘cha bo‘yida, do‘kon yonida o‘tirgan yigitlar, bola yetaklagan juvon ham, yurib ketayotgan o‘rta yoshli odam ham qo‘lidagi telefondan ko‘zini uzmasdi.

Oddiygina hovlida 4 sotix tomorqadan samarali foydalanib, bir yillik daromadi evaziga “Lasetti” avtomobili sotib olgan dehqon bilan suhbatlashdik, ish jarayonlarini suratga oldik. Qaytar chog‘imizda hamkasbim suratlarni elektron pochta orqali tahririyatga hoziroq yetkazish va bu qiziq lavhani bugunoq saytimizda e’lon qilish lozimligini aytdi.

- Afsuski, bu yerda internet sust ishlayapti, - dedi u.

- Bizda “Voy-pay” bor, - dedi dehqon va ko‘chadan velosiped yetaklab kelgan bolaga yuzlandi. - Ulim, tez ke, amakingga “Voy-pay”ingning kodini ayt!

Taxminan 8 yashar bola yugurib kelib, salom-alikdan keyin hamkasbimning telefoniga qo‘l cho‘zib:

- Bering, o‘zim ulab beraman, - dedi.

Biz hayron qarab turardik.

- O‘g‘lingiz pishiq ekan, “WiFi”ning kodini aytgisi kelmadi, shekilli, - dedim kulib.

- Yo‘q, kod qiyinroq, aytib turgandan ko‘ra yozib berishim osonroq, - otasining o‘rniga o‘g‘li javob berdi va gapira turib kodni yozib, telefonni internetga ulab, qaytarib berdi-da, yugurib uyiga kirib ketdi.

- Boshida kod-pod qo‘ymagandi, - dedi dehqon. – Hamsoyalarning bolalari tuni bilan uyimizning orqasidan ketmaydigan bo‘lib qoldi. Keyin bilsam, shu “Voy-pay”ni deb shu yerda uymalasharkan.

- Internetdan farzandlaringiz foydalanadimi? – so‘radim uning ijtimoiy tarmoqlarga qiziqishi yo‘qligini sezib.

- Ha, katta ulim shu internet orqali bir toshkentlik o‘qituvchidan dars oldi. Foydasi katta bo‘ldi, xalqaro sertifikat bor ekanku, nomini aytishga tilim kemaydi. Shundan 8 ball olib, Koreyaga o‘qishga ketdi. U ketgandan keyin ukalari ishlatyapti. Ayasi kirib turadi. Har kuni Koreyadagi “propessor”imiz bilan gaplashmasa uxlayolmaydi.

Ko‘pchilik havas qilsa arziydigan bu oddiy oila a’zolariga omad tilab xayrlashdik. Yo‘lda hamkasbim bilan ijtimoiy tarmoqning afzalliklari va bizga yetkazayotgan zararlari haqida suhbatlashib keldik.

- Eng yomoni, juda ko‘p sodda odamlar shu ijtimoiy tarmoqda qarmoqqa ilinib qolyapti, - dedi hamkasbim. – Turli xil o‘yinlarda qatnashib, katta miqdordagi mablag‘ini boy beryapti.

Suhbatimizga haydovchi qo‘shildi.

- Avvaliga, telegramda “Shu tugmani bossangiz moddiy yordam berilayotganidan xabardor bo‘lasiz”, keyinchalik “Shu kanalga kirib, falonchi tanishimga ovoz bering, iltimos” va boshqa shu kabi mazmunda jo‘natilgan xabarlar orqali ko‘pchilik plastik kartasidagi bor mablag‘idan ayrilganini aytmaysizmi? Bu qarmoqqa sodda bo‘lmagan, axborot texnologiyalari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bir tanishim ham ilinib, qariyb 20 million so‘mga “uxlagan”.

Shaharga yaqinlashganimizda quyosh botgandi. Telefonim jiringladi.

- Allo, assalomu alaykum, ustoz!

- Va alaykum assalom, Fayozjon, yaxshimisiz?

- “Rul”da ketayotganga o‘xshaysiz, maqsadga o‘taman. Bugun ijodkorlar doimgi joyda uchrasharkan. Ishdan chiqqan bo‘lsangiz, vaqtingiz bo‘lsa boring, kutamiz.

- “Rul”damasman, ammo yo‘ldaman. Sizni tushundim. Albatta, boraman!

Tahririyatga borganimizda ish vaqti tugagan edi. Hamkasbim fotoapparat va boshqa uskunalarni joy-joyiga qo‘ygach, uni ham ijodkorlar uchrashuviga taklif qildim. U texnik xodim bo‘lsa ham she’riyatni xush ko‘rardi. Rozi bo‘ldi. Birga shahar chetidagi choyxonaga bordik.

Ko‘pchilik kelmabdi. Yosh ijodkor Fayozjon bilan ustoz Asliddin Mustafo bor ekan. 4 kishi u yoq-bu yoqdan suhbatlashgandek bo‘ldik. Oramizdagi ikki shoir bitta-bitta she’r o‘qidi. Uchrashuv 3 soatcha davom etdi. Bu vaqtning yarmidan ko‘pi qo‘l telefonimizga tikilish bilan o‘tdi, desam xato bo‘lmaydi.

- To‘g‘risi, zerikarli bo‘ldi, - dedi hamkasbim choyxonadan chiqqach. - Boshqacha tasavvur qilib kelgandim uchrashuvlaringizni. Uydayam, (kasbimiz taqozosi bilan) ishdayam, ko‘chadayam ijtimoiy tarmoqqa bog‘lanib qolganmiz. Hech bo‘lmasa shoirlar uchrashuvida undan uzoqlasharmiz, deb o‘ylagandim.

Xayrlashib, uy-uyimizga yo‘l oldik. Kech bo‘lib qoldi. Avtobuslar harakati to‘xtagan. Bir mashina yonimga kelib to‘xtadi.

- Qorasuvgacha boraman, yo‘limiz bir bo‘lsa ketdik, - dedi haydovchi.

- Ha, Qorasuvga boryapman, qancha bo‘ladi?

- Ataganingizni berasiz.

Haydovchi bir qo‘li bilan rulni boshqarib ketyapti, bir qo‘lida telefon, kimlargadir ovozli xabarlar jo‘natyapti. Yo‘lda ketayotganimizni, ehtiyot bo‘lishini, sekinroq haydashini aytdim. “Xo‘p”, dedi-yu o‘z bilganidan qolmadi. Shukurki, eson-omon manzilga yetib bordik. Ataganimni berib tushdim.

Biroz asabiylashgan holda o‘zim yashaydigan ko‘p qavatli uyning zinalaridan chiqib borar ekanman, ikki bola zinada yoyilib o‘tirib olgan holda telefonda qandaydir o‘yin o‘ynab o‘tiribdi. Ular shunchalik o‘yinga berilib ketganidan menga e’tibor qilmadi ham...

- Assalomu alaykum, - dedim baland ovozda.

Bolalar yalt etib qaradi va ikkisi ham turib salom berdi.

- Uzr, - deya biri chetroqqa o‘tdi.

- Tun yarimlashib qoldi, uxlamaysilarmi, uyqularing kelmayotgan bo‘lsa, kitob o‘qisalaring bo‘lmaydimi?! – dedim ular yonidan o‘tib ketayotib.

- Kitob ham o‘qiymiz, - dedi ulardan biri.

Kech kelgan kunlarimda bolalar uxlagan bo‘lsa, bezovta qilmaslik uchun qo‘ng‘iroq tugmasini bosmasdan, eshikni kalit bilan ochib kiraman. Uyga kirar ekanman, bugun kun bo‘yi kuzatganlarim biroz asabimni buzgan bo‘lsa-da, yozadigan maqolam tayyor bo‘ldi, degan xayolda edim. Ammo hali oxiriga yetmagan ekan. Hali ikki yoshga to‘lmagan farzandim yotvolib, ayasining telefonida qaysidir saytdagi multfilmni tomosha qilardi...

To‘lqin SIDDIQOV.