Ijtimoiy tarmoq vaqtimizni o‘g‘irlayapti

Ota-onam bolaligida tengdoshlari bilan o‘ynagan “Oq terakmi, ko‘k terak?”, “Yashinmachoq”, “Quvlashmachoq”, “Arqonda sakrash” va boshqa xalq o‘yinlari haqida zavq bilan gapirib berishadi. Shunda o‘sha davrga tushib qolgandek bo‘laman. “Nega bizda unday emas”, degan savol qiynaydi meni. Javob ham tayyor: “Hammasiga telefon sabab”.  

Ba’zida bir kun bo‘lsa-da, hamma telefonlar buzilib qolsa-yu, biz ham o‘sha qiziqarli o‘yinlarni o‘ynasak, degan fikr o‘tadi xayolimdan. Shu telefon, ijtimoiy tarmoqlar bolaligimizdagi qancha-qancha vaqtni o‘g‘irlayapti, yoshligimizning qimmatli onlari behuda sarflanmoqda. Kelajakda foydasidan ko‘ra zarari ko‘p tegishi mumkin bo‘lgan bu tarmoq­lar bizni qayoqqa yetaklashi noma’lum. 

O‘zimni kitob o‘qiydigan, telefondan kam foydalanadigan yoshlarning biri, deb bilaman. Shu gapimning isboti sifatida bir kuni sinab ham ko‘rdim. Darslarimni qilib, biroz dam olish maqsadida telefonni qo‘limga oldim. “Telegram”da bir qarindoshimdan kelgan xabarni o‘qidim. Keyin boshqa dugonamning “instagram” havolasidan kelgan “Dugonajon, seni yaxshi ko‘raman!” mavzusidagi she’r o‘qilgan videoni ko‘rdim. U tugagach, boshqa bir video chiqdi, uniyam ko‘rdim. Jarayon shu tariqa davom etib, yarim soatcha vaqtdan keyin o‘qishim bilan bog‘liq reklama roligiga ko‘zim tushdi. U men qiziqib yurgan til o‘rgatish markazi haqidagi reklama edi. Unda qisqacha ma’lumot berilib, videoning to‘liq variantini “Yutube”da tomosha qilishimiz mumkinligi aytilgan. Keyin “Yutube”ga o‘tdim. Xullas, 2 soatu 15 daqiqa vaqtim shu bilan o‘tdi. 

 Ushbu mavzuda maqola yozishni maqsad qilib, ustozlar ko‘magida Zarnews.uz telegram kanalida so‘rovnoma e’lon qildik. Unda “Bir kunda qancha vaqtingizni ijtimoiy tarmoqqa sarflaysiz?”, degan savol qo‘yildi. So‘rovnomada 726 nafar obunachi ovoz bergan. Ularning 131 nafari “O‘rtacha 30 daqiqa sarf­layman”, degan javobni tanlagan. Ishtirokchilar­ning 483 nafari 2 soatdan ziyod vaqtini ijtimoiy tarmoqda o‘tkazishini bildirgan bo‘lsa, 96 nafari “Avval ko‘p vaqtim ijtimoiy tarmoq­da o‘tardi, hozirda keskin kamaytirganman”, degan javobda to‘xtalgan. Shuning­dek, 16 nafar ishtirokchi fikrlarini izohda qoldirishini ma’lum qilib, bir kunda 5, hatto 10-12 soat vaqtini ijtimoiy tarmoq uchun sarflashi mumkinligini yozgan. 

Natijalardan ko‘rinib turibdiki, qatnashchilarning qariyb 70 foizi kuniga 2 soatdan ziyod vaqtini ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga sarflaydi. Agar bu ko‘rsatkichni o‘rtacha hisobda 2,5 soat deb olsak, bu bir yilda 912,5 soatni tashkil etadi. Agar 3 soatdan hisob­lasak, bu yiliga 1095 soat, qariyb 46 kun degani! Demak, biz bir yilda 1,5 oy vaqtimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga sarflar ekanmiz. Shunda 60 yil yashagan inson 7,5 yil umrini ekranga tikilib o‘tkazgan bo‘ladi. 

Ta’lim xabarlari.uz saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, BMT buyurtmasi bilan bir qator mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yoshlar o‘rtasida hayotdan qoniqish va baxt darajasi keskin pasayishi internet va ijtimoiy tarmoqning keng tarqalishi bilan bog‘liq ekan. 

Xulosa o‘rnida aytganda, ijtimoiy tarmoqlar vaqtimizni, sog‘ligimizni, o‘zligimizni tortib olishiga yo‘l qo‘ymaylik. Telefondagi o‘yinlardan ko‘ra, bolalarga salomatlik uchun foydali bo‘lgan, bugungi kunda unutilib borayotgan qadimiy, milliy o‘yinlarimiz bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Muyassarbonu Sirojiddinova, 

Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi “Mahorat maktabi” tinglovchisi.