Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qaynonaning kelinini do‘pposlayotgani holati videosi o‘rganildi

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan qaynonaning kelinini do‘pposlayotgani videosi bo‘yicha O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Samarqand viloyatiga tegishli tartibda so‘rov jo‘natgani va o‘rganishlar olib borilayotgani haqida ma’lumot berilgan edi.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova boshchiligidagi ekspertlar guruhi tomonidan ushbu oila topildi. Voqea ishtirokchilari I.Negmatov, uning turmush o‘rtog‘i Z.Jalolova va onasi G.Muxtorovalar bilan suhbat o‘tkazildi.

Suhbat davomida kelin Z.Jalolova o‘sha paytda arzimagan sababdan er-xotin o‘rtasida janjal chiqqanini, qaynonasi uni tinchlantirganini, qaynonasiga hech qanday da’vosi yo‘qligini, ayni kunlarda turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi bilan tinch-totuv yashayotganligini aytib o‘tdi.

Uning turmush o‘rtog‘i I.Negmatov ushbu lavhadagi jarayon bundan 8 oy oldin sodir bo‘lgani, er va xotin oralarida janjal ko‘tarilgani hamda holatni o‘zi videoga olib, hozirda Turkiyada ishlayotgan qaynonasiga yuborganini, qilgan ishidan pushaymonligini ma’lum qildi.

Qaynona G.Muxtorova esa kelinini urmaganini, aksincha, uni tinchlantirishga harakat qilganini bildirdi.

Ushbu oila a’zolariga zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishini sodir etgan shaxsga jazo muqarrarligi, ayniqsa, bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazish qonuniy chora ko‘rishga asos bo‘lishi mumkinligi uqtirildi.

Achinarlisi, bu holatda zo‘ravonlik belgilari ko‘rinib turgani, kelin o‘z haq-huquqini talab etishi zarurligi, bu borada kelinni himoyalashga mas’ul tashkilotlar tayyorligi bildirilganida, yana o‘sha javob olindi:

“Qaynonam urgani yo‘q, tinchlantirdi. Biz yaxshi yashayapmiz”, deya u tinch-totuv yashayotganini bildirgi tarzida yozib ham berdi.

Qadrli yurtdoshlar!

Davlat va jamoat tashkilotlari inson huquqlarini himoyalashga qancha harakat qilmasin, fuqaro o‘z huquqi uchun o‘zi kurashmagan, huquqiy savodini oshirmagan joyda kerakli natijaga erishib bo‘lmasligini anglab yetishi kerak.

Xulosa shuki, ayollar o‘z huquq va majburiyatlarini chuqur bilsa, o‘z qadrini ham biladi hamda uni boshqalar qadrlaydi.

 O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati.