Ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi videoni joylashtirganlik uchun jarima oshirilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, jumladan, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.

Kodeksning amaldagi tahririga ko‘ra, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish harakatlari uchun ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, bunday harakatlar uchun jarima miqdorini oshirish, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to‘rt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan to‘rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solish haqidagi me’yorni kiritish taklif etilmoqda.

Deputatlar jamiyatda, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlash, internet orqali keng tarqalayotgan, bolalar, yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan axborotlarni tarqatganlik, targ‘ib qilganlik bo‘yicha javobgarlik kuchaytirilishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlashdi.