Ijtimoiy xizmat sog‘lomlarga ham kerak

“Inson” bekati. Samarqand shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazini aynan shu bekatdan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan qismi uchun yaratilgan infrastruktura “yo‘lakchasi” orqali adashmay topib borish mumkin. Ko‘zi ojiz insonlar harakatlanishi uchun taktil plitalar, brayl alifbosidagi ma’lumotnomalar, aravachada harakatlanish uchun pandus va boshqa qulayliklar fuqarolarni markaz tomon yo‘naltiradi. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ushbu markazga press-tur tashkil etildi. Agentlikning hududiy boshqarmalari matbuot kotiblari, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda mazkur markaz misolida viloyatimizda yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy xizmat sifati va imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. 

— Bu yerda har bir narsa insonga qulaylik yaratishi belgilangan, - deydi agentlikning axborot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘zmetova. – Masalan, markazga ko‘zi ojiz fuqaro kelsa, u kirish qismida joylashtirilgan brayl alifbosidagi yozuvlar orqali binoning tuzilishi va unda harakatlanish tartibi haqida ma’lumotni olishi mumkin. Ichkariga kirishi bilan unga markaz xodimlari va volontyorlar ko‘mak beradi. Murojaatchilarning vaqtini tejash maqsadida operatorlar ishlab turibdi. Ular shu yerning o‘zida murojaatingizni qabul qilishi yoki talabga ko‘ra, sizni mutaxassislarga yo‘naltirishi mumkin.

Binoda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi, ijtimoiy to‘lovlar, bolalarni ijtimoiy himoya qilish shu’balari, bolalar va kattalar psixologi bo‘limlari faoliyat yuritmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan markazda 115 ga yaqin ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. O‘tgan qisqa davrning o‘zida fuqarolar u orqali 3700 ga yaqin xizmatdan foydalangan. 

Ayni kunda viloyatda 484 nafar, Samarqand shahrining o‘zida 64 nafar ijtimoiy xodim faoliyat olib bormoqda. Ularning asosiy vazifalaridan biri ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida ko‘rsatish, ya’ni fuqarolarning markazgada ovora bo‘lib kelishining oldini olish hisoblanadi. Jarayonda xolislikni ta’minlash uchun ijtimoiy xodim tomonidan u yoyei bu fuqaroga nafaqa yoki boshqa moddiy yordam turlari berilishi bo‘yicha so‘rovi “mahalla yettiligi” ishtirokida ko‘rib chiqilib, tasdiqlanishi tartibi yo‘lga qo‘yilgan.

— Xabaringiz bor, markazlarda pullik xizmatlar ham ko‘rsatiladi, - deydi Dilfuza Ro‘zmetova. – Biroq buni noto‘g‘ri talqin qiluvchilar ko‘paymoqda. Ba’zilar ijtimoiy xizmat faqat kam ta’minlanganlarga ko‘rsatilishi kerak, deb hisoblaydi. Lekin undan faqat “reyestr”ga kiritilganlar emas, barcha insonlar foydalanishi ijtimoiy farovonlik omili hisoblanadi. Aytaylik, fuqaro nogiron ota-onasining parvarishi bilan band bo‘lib, ta’lim olish yoki ishlash uchun vaqt ajrata olmayapti. Shunday murakkab sharoitda unga ijtimoiy xodimlar ko‘makka keladi. Ota-onasi malakali mutaxassislar nazoratida ekanlidan ko‘ngli to‘lgan fuqaro jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida yashashi mumkin bo‘ladi. Bu ham ijtimoiy himoyaning muhim yo‘nalishi.

Markaz qoshida inklyuziv rivojlanish markazi tashkil etilgan. Unda hozircha terapiya ta’siriga ega 4 yo‘nalishda to‘garaklar faoliyat yuritmoqda.

— Bu yerda bolajonlarga rassomchilikdan saboq beryapman, - deydi Zilola Turaqulova. – Jajji shogirtlarim ranglar orqali o‘z kechinmalari, hissiyotlarini namoyish qiladi, boshqalar bilan muloqot qilishni o‘rganadi. Bu nafaqat imkoniyati cheklangan, balki sog‘lom bolajonlar uchun ham juda foydali.

— 2 oy bo‘ldi, kulolchilikka qatnayapman, - deydi 17 yoshli O‘lmas. – Aslida ko‘cha-kuyga kamroq chiqishga harakat qilaman, maktabga ham bormayman. Ta’limni uyda olaman. Boshimda muammoyim bor, shovqinga chiday olmayman. Bungacha yozgi ta’tillarni uyda, kitob o‘qib o‘tkazardim. To‘garak ochilganidan juda xursand bo‘ldim. Bu yerda yangi do‘stlar ham orttirdim.

Press-tur ishtirokchilari Samarqand shahridagi Devori Kundalang va Yulduz mahallalarida bo‘lib, ijtimoiy xodimlarning faoliyati bilan ham tanishdi. Jarayondagi muammolar, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish masalalarida takliflar berilib, fikrlar almashinildi.

Asqar BAROTOV.