Ijtimoiy xizmatdagi fidoyilik Prezident tomonidan e’tirof etildi
Bulung‘ur tumanida yashovchi Shoira Musurmonova 16 yildan buyon o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatib keladi.
U 2023-2024 yillarda Bulung‘ur tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida ijtimoiy xodim assistenti bo‘lib ishlagan bo‘lsa, hozirda Guliston mahallasida ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritmoqda.
- Turli tashkilotlarda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaganman, - deydi Sh.Musurmonova. - Rosti, avvallari bu sohada ma’lum bir tizim asosida ish ketmasdi. Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga zarur vositalar o‘z vaqtida yetkazib berilmas, odamlar tomonidan protez-ortopediya mahsulotlarining sifatsizligidan ko‘p e’tirozlar bo‘lardi.
2023 yilda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning negizida respublika “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va hududlardagi bo‘limlari tashkil etildi. Shundan so‘ng sohada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlariga zarur texnik reabilitatsiya vositalari o‘z vaqtida yetkazib berilishi, ijtimoiy xodimlar orqali uyma-uy xizmat ko‘rsatish amaliyoti joriy qilindi. Bugungi kunda Guliston mahallasidagi o‘nlab ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga dori-darmon olib berish, davlat xizmatlaridan foydalanishda ko‘maklashish, turmushda uchraydigan qiyinchiliklarni yengib o‘tishlarida yordam berib kelyapman.
Shoira Musurmonovaning sa’y-harakati bilan Guliston mahallasidagi 22 nafar fuqaroga nogironlik guruhlari belgilangan, 6 nafar shunday toifadagi fuqaro ishga joylashtirlib, 11 nafar 80 yoshga to‘lgan keksalarga belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ota-onasi migratsiyaga ketgan voyaga yetmagan 28 nafar bolaga vasiylik va homiylik belgilangan. Bundan tashqari, uning tashabbusi bilan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 15 nafar shaxsga dori-darmon, tibbiy davolanish, oziq-ovqat mahsulotlari va kerakli ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan.
Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida Shoira Musurmonovaning ko‘p yillik fidokorona mehnatlari e’tirof etildi va a u "Shuhrat" medali bilan taqdirlandi.
– Bu mukofotni nafaqat o‘zim, balki ko‘p yillar davomida birga ishlagan hamkasblarim, mahallamiz faollari va ijtimoiy yordamga muhtoj kishilar bilan birga qabul qildim, – deydi Sh.Musurmonova. – Ushbu e’tirof men uchun sharaf va shu bilan birga mas’uliyat degani. Ijtimoiy xizmat orqali jamiyatdagi har bir shaxs o‘zini e’tibor va g‘amxo‘rlik ichida his qiladi. Shu bois davlatimiz rahbari bu sohadagi islohotlarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab, uni zamon talablariga mos ravishda yo‘naltirib kelmoqda. Men bu imkoniyatdan foydalanib, bildirilgan ishonchni oqlash va xalqimizni rozi qilish uchun harakatdan to‘xtamayman.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.