“Ikki bolali nogiron ayolga atalgan uy senatorning sobiq haydovchisiga rasmiylashtirildi” nomli maqola yuzasidan viloyat prokuraturasi bayonot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Ikki bolali nogiron ayolga atalgan uy senator sobiq haydovchisiga rasmiylashtirildi” nomli maqola e’lon qilingan edi.
Samarqand viloyati prokuraturasi ushbu maqola yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Nogiron D.Rizaqulovaning turmush o‘rtog‘i fuqaro P.Xayriyev 2017 yil 15 martda shahar hokimligiga uy-joy ajratish bo‘yicha murojaat qilgan.
Samarqand shahrida ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni biriktirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha shahar hokimiyatidagi hududiy komissiyaning 2017 yil 23 martdagi 1-son yig‘ilish bayoniga asosan P.Xayriyev va uning oila a’zolariga Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasi 1-raqamli ko‘p qavatli uy-joyning 2-qavat, 1-yo‘lagidagi, foydalanish maydoni 50,6 kvadrat metr bo‘lgan ikki xonali xonadon boshlang‘ich to‘lovini to‘lash sharti bilan biriktirilgan.
Keyinchalik, P.Xayriyev biriktirilgan ushbu uy-joyni sotib olishdan bosh tortib, viloyat “Ipoteka-bank” ATIBda ochilgan hisob-raqamidagi mavjud boshlang‘ich to‘lov pullarini yozma arizasi asosida qaytarib olgan.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi 14-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan talabgor P.Xayriyev boshlang‘ich to‘lovni 60 kun mobaynida alohida ochilgan hisob-raqamiga to‘lamaganligi bois, komissiya yig‘ilish bayoni o‘z kuchini yo‘qotgan.
Shundan keyin P.Xayriyev mazkur uyni topshirib, D.Rizaqulova va ikki nafar farzandlarini o‘z holiga tashlab, boshqa viloyatga ketib qolganidan so‘ng D.Rizaqulova ushbu uy-joyni yerto‘la qismida farzandlari bilan ma’lum vaqt istiqomat qilayotganligi sababli, viloyat va shahar xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlari tomonidan ushbu holat o‘rganilgan va ushbu uy-joyga vaqtinchalik yashash uchun kiritib qo‘yilgan.
Fuqaro D.Rizaqulova moddiy ahvoli og‘irligi sababli boshlang‘ich to‘lovini to‘lashi va ipoteka krediti rasmiylashtirish imkoni bo‘lmagan.
Fuqaro D.Rizaqulovaning turmush o‘rtog‘i bilan yashamayotganligi, ko‘z bo‘yicha o‘zi va farzandlarining nogironligi borligi, mehnatga layoqatsiz ekanligi kabi holatlar inobatga olinib, Samarqand shahrida yashovchi ijtimoiy himoyalanmagan, kam ta’minlangan va uy-joyga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni ro‘yxatga olish komissiyasi tomonidan navbatga qo‘yilishi hamda unga viloyat hokimining 2020 yil 29 apreldagi 63-Q-sonli qarori bilan Samarqand shahar Obod maskan mahallasi hududida joylashgan 71-uy, 65-xonadon biriktirib berilishi ta’minlangan.
Fuqaro B.A.ning uy-joyga muhtojligi to‘g‘risidagi arizasiga asosan Samarqand shahrida ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni biriktirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiyasining 2020 yil 18 martdagi yig‘ilish bayonnomasiga asosan Samarqand shahar, Rudakiy ko‘chasi 1-raqamli ko‘p qavatli uy-joyning 2-qavat, 1-yo‘lagidagi foydalanish maydoni 50,6 kvadrat metrdan iborat bo‘lgan ikki xonali xonadon biriktirilgan.
Mazkur xonadonni kredit asosida to‘lovlarni amalga oshirib borish sharti bilan fuqaro B.A. tomonidan boshlang‘ich to‘lov summasi to‘lanib, kredit hujjatlari rasmiylashtirilgan.
Hozirgi kunda ham fuqaro B.A. tomonidan belgilangan to‘lovlar to‘lab kelinayotgan bo‘lsa-da, ushbu uy-joyni fuqaro D.Rizaqulova bo‘shatib bermayotganligi, unga biriktirilgan Samarqand shahar Obod maskan mahallasi hududidagi 71-uy, 65-xonadonda doimiy yashashi va foydalanishi mumkinligi to‘g‘risida bir necha marotaba tushuntirilganligiga qaramasdan, ushbu uyga ko‘chib o‘tmasdan kelmoqda.