«Ikki til va bir kasb». Bu to‘garaklar Oqdaryo maktablarida qanday ishlayapti?
Oqdaryo tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari ushbu tamoyil bo‘yicha tajriba asosida ish boshlagan 32-umumta’lim maktabidagi yangi to‘garaklar faoliyati bilan tanishdi.
O‘tgan yili Prezidentimiz tumandagi 32-umumta’lim o‘rta maktabiga tashrif buyurib, o‘quvchilarning xorijiy tillar va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish bo‘yicha tajriba asosida to‘garaklar tashkil etish zarurligini ta’kidlab o‘tgan edi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Charos Ortiqova. – Shu maqsadda mazkur maktabda yog‘och o‘ymakorlik, santexniklik, qandolatchilik, avtoelektrik, foto va videomontaj dizaynerlik ishi kabi 15 ta kasb-hunar to‘garaklari ish boshladi. 200 nafarga yaqin yuqori sinf o‘quvchilarini qamrab olgan to‘garaklarda ishlab chiqilgan mahsulotlar allaqachon bozorlarni egallagan. Joriy yildan boshlab yana 4 ta maktabda til va kasb o‘rgatish borasida to‘garaklar tashkil etganmiz. Imkoniyatdan kelib chiqib, tajriba sinov-tariqasida tikuvchilik, duradgorlik kabi kasb-hunar ustaxonalari va shoxobchalari faoliyat boshlamoqda. O‘ziga xos tajribaning ahamiyatli tomoni, o‘quvchi-yoshlar bitiruv ostonasiga yetgunicha o‘z layoqati va qiziqishiga qarab bir kasbni etagidan ushlab bormoqda.

Maktabda 15 ta to‘garakdan tashqari yana "Axborot kommunikatsiya texnologiyalari" to‘garagi ham ish boshlagan. Tajribali AKT dasturchi B.O‘tamurodovning shogirdlari allaqachon o‘zlari ishlagan loyihalarni hamkor kompaniyalariga taqdim etmoqda.
- Maktabimizdagi to‘garakda kompyuterda dasturlashni o‘rganyapman, - deydi 10-sinf o‘quvchisi Sh.Abdusalomova. – Ustozim yordamida bir qator dasturlarni tayyorlab, turli kompaniyalarga jo‘natgandim, ularga qiziquvchilar paydo bo‘ldi. Hozirda kichik–kichik ishlarim uchun oyiga 1 million so‘mgacha pul ishlab topib oilamiz byudjetiga o‘z hissamni qo‘shib kelyapman. To‘g‘ri, hozir tajribam u qadar katta emas, lekin kelajakda bemalol bundan ham ko‘proq pul ishlab topsa bo‘larkan.
Sandal ishlab chiqarish to‘garagiga qo‘shni maktablardan ham keluvchilar bor ekan. O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan 50 ga yaqin foydalanish uchun qulay va xavfsiz bo‘lgan xontaxta va elektr sandallar omborxonada o‘z xaridorlarini kutmoqda.

Maktab direktori R.Xudoyberdiyevning aytishicha, o‘quvchilar yasagan elektr sandallarga talab kuchayib, ularning bittasini bozorda 700 ming so‘mdan sotilayotgan ekan. Olingan daromad maktabning sport zalini inventar va jihozlar bilan to‘ldirish uchun sarflanayotgan ekan.
2024 yilning yanvaridan boshlab yana 4 ta maktabda tikuvchilik, kashtachilik, sartaroshlik, akfa romlarini yasash kabi hunar hamda qo‘shimcha fransuz tili o‘rgatib borilmoqda.
- Darslardan keyin qo‘shimcha xorijiy til bilan birga kasb-hunarni o‘rgatib borishimiz o‘quvchilarning ota-onalariga ham ma’qul kelyapti, - deydi 30-umumta’lim maktabi direktori Abdurahmon Asrorov. – Ular bolalarini to‘garakka o‘zlari yetaklab kelishmoqda. Qizlarimiz asosan qandolatchilik va tikish-bichish, o‘g‘il bolalar esa sartaroshlik, duradgorlik yo‘nalishida kasb o‘rganishmoqda. Kelajakda to‘garaklar sonini 10 taga yetkazishga harakat qilamiz.
Tuman hokimligi tuman maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi bilan kelishgan holda joriy yil sentyar oyidan boshlab yana 12, 20, 25, 54, 56- umumta’lim maktablarida ham xorijiy til va kasb o‘rganish bo‘yicha to‘garaklar tashkil etiladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.