Ilm-fan sehriga oshno olim, professor Asadulla Daminov 60 yoshni qarshiladi

Ilm shunday bebaho ne’matki, u asl fidoyilarni tez fursatda o‘z sehriga oshno etadi, sir-sinoatlarini ochadi va egalarini bir umrga maftun etadi. Veterinariya fanlari doktori, professor Asadulla Daminov ham ilm-fanga ana shunday oshno bo‘lgan insonlar sirasiga kiritish mumkin.
Professor A.Daminovning fe’l-atvori, qiziqishlari, jamoada tutgan o‘rni va shogirdlariga munosabati haqida soatlab gapirish mumkin. Domladagi odamgarchilik, samimiylik, adabiyot shinavandalariga xos so‘zga chechanlik, hamisha suhbatdoshiga umid beruvchi so‘zlari uning tom ma’nodagi ziyoli insonligidan darak beradi. Manmanlik, kibr, odamlarni mensimaslik bu kishiga mutlaqo begona.
Veterinariya sohasi san’at va adabiyotdan ancha uzoq deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Daminovni yaqindan bilmaganlar uni adabiyotchi, deb o‘ylashi mumkin. She’riyatni juda nozik tushunishi, she’larni ifodali o‘qishi, badiiy asarlar haqidagi bilimi bilan sizni hayron qoldiradi. Domla o‘z xonadonida katta kutubxona ham tashkil etgan.
Samarqand qishloq xo‘jalik institutining veterinariya fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan domla oliygohning hayvonlar anatomiyasi kafedrasida assistent lavozimida ishda qolgach, butun hayotini shu ta’lim dargohi bilan bog‘ladi.
1995 yilda «Qorako‘l qo‘ylar umurtqa pog‘onasi suyaklarining postnatal taraqqiyot davrida ekologik-morfologik xususiyatlari» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi va 2004 yilda dotsent unvoniga ega bo‘ldi.
2016 yilda «Respublikaning turli biogeotsenozlarida qoramollar trematodozlarining epizootologik va immunologik xususiyatlari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi.
2008-2018 yillar davomida o‘rindoshlik asosida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi falsafa doktori (PhD) hamda fanlar doktori (DSc.) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashda faoliyat ko‘rsatdi.
Ilmiy va pedagogik faoliyati davomida 4 ta darslik, 5 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta uslubiy qo‘llanma, 2 ta monografiya, 1 ta risola, 1 ta tavsiyanoma, 150 dan ortiq institut, respublika va halqaro miqyosda ilmiy maqolalari chop ettirdi.
Daminov 2012-2017 yillar davomida 6 ta respublika fan olimpiadasi g‘oliblarini tayyorladi, assistentlar, fan nomzodlari chiqardi.
2018 yilda professor veterinariya ilmi va amaliyotiga qo‘shgan hissasi uchun “Yilning eng yaxshi veterinariya ustozi” nominatsiyasi bo‘yicha respublika tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti jamoasi nomidan Asadulla Daminovni muborak 60 yoshlik yubileyi bilan qutlaymiz!
Gulchehra BERDIYoROVA.