Ilm va ijodda sherik bo‘lish axloqqa zid
Ilm va ijod qilish zavqi o‘zgacha. Lekin bu zavqqa tashqaridan boshqa olimning qo‘shilishi zavqni pasaytiradi. Yaqinda men bir olimning hammualliflik asosida maqola yozish madaniyati, to‘g‘rirog‘i axloqiga oid maqolasini o‘qib ta’sirlandim va o‘z munosabatimni bildirishga qaror qildim.
Katta ustozlar “Ilm tafakkurning aksi, badiiy asar qalbning hayqirig‘i”, deb ta’kidlashardi. Haqiqatan ham inson ijod qilib, o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qoladi. Gohi Yaratganga yuzlanadi, gohi tafakkuriga murojaat qiladi. Keling, maqolalar yaratilishi va unga sherik bo‘lish axloqi haqida to‘xtalaylik.
Maqola muallifi to‘g‘ri ta’kidlaganidek, ilmiy izlanish olib borayotgan yoshlar endigina ilm eshigini taqillatib, katta maydonga kirib keladi. Yosh tadqiqotchilar o‘zlari tanlagan mavzu yoki yo‘nalishlarda ilmiy izlanish olib boradi, shu yo‘lda turtinib, surtinib, qimtinib nimalarnidir qog‘ozga tushirishga harakat qiladi.
Ilm dunyosida o‘zligini izlayotgan yoshlar, albatta yozgan maqolasini kimgadir ko‘rsatganda, maqolani chop etmoqchi bo‘lganda qattiqqo‘l yoki bir talay talablari bor noshirlar taqrizlar talab qiladi. Shunda yosh tadqiqotchi, albatta ustozi yoki ilmiy rahbariga maqolasini ko‘rib berishni iltimos qiladi. Maqola yaxshi yozilgan bo‘lsa, unga “ustozlar” hammuallif bo‘lishni taklif etadi. Professor yoki taniqli olimning ismi, sharifi yosh tadqiqotchining maqolasi tepasida tursa, go‘yoki katta obro‘ keladi. Aslida yosh izlanuvchilarning maqolada ko‘targan yangi g‘oyalari, ilmiy qarashlari yoki xulosalari ustozning ham ulushdorligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda ilmiy daraja uchun yozilayotgan ilmiy maqolalar yoki ixtirolar uchun olinayotgan patentlarga ustozlar sherik bo‘lib qolmoqda. Yoshlar esa maqolalariga ustozlarini sherik qilmasa, maqola chiqmaydi yoki ilmiy tadqiqot natijalari yorug‘lik ko‘rmaydi.
Eynshteynday buyuk daho o‘zining “nisbiylik nazariyasi”ni yoshligida yaratgan, uni yillar davomida ilmiy doiralarda bayon qilgan, o‘z qarashlarini taqdim etgan. Germaniya, Turkiya va AQShning ilmiy doiralari olimning g‘oya va ilmiy farazlaridan bahramand bo‘lishgan. Olimning dunyoni ilmiy tasavvur qilish mumkin bo‘lgan yangi g‘oyalarini bugunga qadar tadqiqotchilar ilmiy izlanishlarining asosi sifatida belgilab olishgan. Olim o‘zining maqolalari yoki yirik asarlariga ustozlari yoki universitetlar rahbarlarini sherik qilib olmagan edi.
Bastakor Volfgang Amadey Motsart kun kechirishi qiyin bo‘lgan bir holatda ham boshqalarga buyurtma asosida musiqa asarlari yozib berar edi. Saroy kompozitori va dirijyor Antonio Saleri Motsartdan haq evaziga asar yozib berishni buyurtma qilganda Motsartning birinchi talabi uning asarlariga tashqaridan boshqalarning sherik qilinmasligi edi. Shunday ekan, yosh tadqiqotchilar tomonidan maqola yoki biror ilmiy asar yozildimi, ularga ham katta olimlardek munosabatda bo‘laylik.
Dunyoni o‘zgartirganlar aynan yoshligidanoq jamiyat ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lishgan. Yoshlar balki ilmda hali g‘o‘rdir, lekin ular ham chuqur izlanishda. O‘zlari tanlagan mavzular bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borar ekan, ko‘plab adabiyotlarni o‘rganishlariga to‘g‘ri keladi. Ularning ustozlar nazdida oddiygina bo‘lib tuyulgan maqolalari ertaga yirik asarlarga aylanishi hech gap emas.
Bugun jamiyat, dunyo o‘zgarayapti. Nashriyotlar, jurnallar maqolalar va ilmiy asarlarga talablarini qaytadan ko‘rib chiqishlari lozim. Taniqli olimlarning birorta maqolasi yoki asaridan yoshlar o‘z ijod mahsullariga iqtiboslar kiritmasa, ularning ilmiy materiallari chop etilmasligi yoki dissertatsiyalar himoyasi davrida turli e’tirozlar bildirish kabi talablarni bekor qilish kerak. Masalan, yosh matematik tadqiqotchi o‘zining ilmiy asarida biror-bir tenglmani yangi usulda yechish yo‘lini ko‘rsatib, maqsadga erishsa, unga qanday qilib ustozi sherik bo‘lishi mumkin. Men yoshlarning ilmiy rahbarlari, ta’lim muassasalari turli darajadagi rahbarlarining bunday amaliyotdan uzoqroq bo‘lishlarini istar edim.
Maqola yoki boshqa ilmiy asar yuqorida ta’kidlaganimizdek, insonning kuzatishlari, ilmiy izlanishlari va tafakkuri mevasidir. Yaratilgan yangi g‘oya va qarashlar yoki xulosalar faqat uning yaratuvchisiga tegishlidir. Bu talab O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunida ham qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Mamlakatimizni dunyoga tanitishda ilm-fanning o‘rni katta. Afsuski, bugungi kunda dunyoda juda kam olimlarimiz, ayniqsa, yosh tadqiqotchilarimizning nomi aylanib turibdi. Dunyo universitetlarida mahalliy olimlarimiz va tadqiqotchilarimiz asarlaridan kam foydalanilayapti.
Katta marralarni o‘zimizga maqsad qilib olgan ekanmiz, ilm yo‘lida shijoat bilan mehnat qilayotgan yoshlarni izzat qilaylik, mustaqil har bir yaratgan asarlariga hurmat bilan qaraylik. Ular yaratgan ilmiy natijalarga sherik bo‘lishning ham chegarasi bor. Ilmda axloq va odob qoidalarini qo‘llash ham bir madaniyat. Yoshlarga mustaqil ijod qilishlari uchun sharoit yarataylik, ularni qo‘llab-quvvatlaylik. Zero, bugungi yoshlar ertangi allomalardir.
Boboqul TOShEV,
yuridik fanlar doktori.