Barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari autsorsingga o‘tadi

Samarqand shahridagi 109-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Mazkur davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 2022 yilda rekonstruksiya qilingan. Press-tur ishtirokchilari bog‘chada mashg‘ulot xonasi, yotoqxona, oshxona va ularda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
- Bog‘chamiz 2022 yildan buyon autsorsing usulida faoliyat yuritib kelmoqda, - deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Sevara Qoraboyeva. – Autsorsingning qulaylik tomoni shundaki, bolalarning ta’lim-tarbiyasi bilan men shug‘ullanaman, oziq-ovqati bilan autsorser shug‘ullanadi.
- Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotiga oziq-ovqat mahsulotlarini men yetkazib beraman, - deydi tadbirkor Jamshid O‘roqov. - Sut, go‘sht, non, sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaradigan firmalarim bor. Oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan sotib olmayman, ushbu bog‘chani o‘zim ishlab chiqargan sifatli mahsulotlar bilan ta’minlab kelyapman.
- Shu paytgacha ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Nomirov. – Joriy yilda respublikamizdagi barcha davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1-sonli qarorida belgilangan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda mavsumlar kesimida “Yagona mavsumiy taomnoma” ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Endi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bir xil "Menyu" asosida taom tayyorlanadi.
Xurshida Ernazarova.