Ilmga oshno yoshlar

Oila-maktab-mahalla hamkorligi yo‘lga qo‘yilishining tub zamirida shu maqsadlar yotadi. Shogirdim Behzod Asadullayev oilasidagi muhit, pedagog onasining jonkuyarligi, otasining qattiqqo‘lligi-yu, doimiy nazorati, yaratilgan imkoniyatlar natijasi o‘laroq bugun nafaqat viloyat, respublika, balki xalqaro olimpiadalar ishtirokchisi, sovrindori. 
– Kitob o‘qishga yoshligimdan qiziqaman, – deydi Behzod Asadullayev. – Uyimizda ma’naviyat burchagi bo‘lib, unda yillar davomida yig‘ilgan yuzlab kitoblar joy olgan. Alisher Navoiyning quyidagi so‘zlari doim bilim olishga, o‘qishga, o‘rganishga undaydi: "Kitob – beminnat ustoz. Har daqiqa u bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi". Bu xazinadan to‘liq bahramand bo‘lib, uni boshqalarga ham ulashish uchun tinmay izlanib, loyihalar ustida ishlashim    zarur.

Behzod o‘qishi davomida matematika fanidan olimpiadalarda faxrli o‘rinlarni olib, 57-xalqaro olimpiadada qatnashish baxtiga muyassar bo‘lgan. 2017 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan matematika va informatika fanlari bo‘yicha "Lomonosov festivali"da oltin medal sohibi bo‘ldi. Shu yili TATU Samarqand filialiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.
Shogirdlarimizning erishgan yutuqlarini ko‘rib, biz, ustozlarning qalbimiz faxrga to‘ladi.

Dilrabo ZIYaYeVA,
Urgut sport va xizmat ko‘rsatish kolleji o‘qituvchisi.