Ilmiy fakt: Baxt darajasiga ta’sir qiladigan xislat ochiqlandi

Olimlar ruhiy tushkunlik va insonning baxtlilik sabablari o‘rganilishi doirasida kutilmagan xulosaga kelishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, baxtli odamlarda ruhiy tushkunlik alomatlari kamroq uchraydi va silliq muomalali kishilar ko‘pincha o‘zlarini baxtli deb atashadi.
Turkiyalik psixologlar qaysi omillar insonning baxtlilik darajasiga ta’sir qilishini aniqladi, deya xabar bermoqda “Psychological Reports” jurnali.
Xushmuomalalik va baxt
Yuqorida aytilganidek, mutaxassislarning fikricha, xushmuoamala odamlar o‘zlarini boshqalardan baxtliroq deb bilishar ekan. Ular haqiqatan ham (soxtakorona emas) boshqalarga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lishadi, ulardan kamchilik izlamaydi, rahm-shafqat ko‘rsatishadi va har tomonlama hamkorlikka tayyor turishadi.
Buni aniqlash uchun olimlar o‘rtacha yoshi 23 bo‘lgan 372 kishidan iborat ko‘ngillilar guruhini jalb qildi. So‘rov natijalari bo‘yicha tadqiqotchilar inson qanchalik xushmuomalali bo‘lsa, uning ruhiy tushkunlik belgilari shunchalik zaif bo‘ladi, degan xulosaga kelishdi. Bundan tashqari, ularda turli kasalliklar belgilari boshqalarga qaraganda kamroq uchrar ekan.
Olimlar ushbu xulosalardan keyingi psixologik tadqiqotlarda foydalanish niyati borligi haqida gapirmoqda. Biroq hozircha ular baxtlilik, xushmuomalalik va tushkunlik o‘rtasidagi sabab-oqibat munosabatlari haqida gapirishga shoshilmayotir.