Imkoniyati cheklangan, ammo boqimanda emas

Ko‘pincha rahbar va yoshlar uchrashuvlarida aksariyat yigit-qizlar ish so‘rab murojaat qiladi. Ayniqsa, yetti muchasi sog‘, tog‘ni ursa talqon qiladigan yigitlarning boqimandalik kayfiyatida moddiy yordam, bepul uy so‘rab murojaat qilishi kishi ko‘nglini xira qiladi. Shunday insonlar borki, imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, mamlakatimizda tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, nafaqat o‘zining, balki boshqa ishsiz fuqarolarning ham bandligini ta’minlaydi. Shulardan biri Payariq tumani “Go‘zal” mahallasida yashovchi Rahmatilla Qurdoshevdir. U birinchi guruh nogironi bo‘lishiga qaramay oilaviy korxona tashkil etdi.

- Shu paytga qadar davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan muruvvat yordamlarini hamda meni voyaga yetkazguncha onam chekkan azoblarni unutolmayman, - deydi R.Qurdoshev. – Hozir 22 yoshdaman. Endi ham kim yordam berarkan, deb yotaverishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun uzoq o‘ylab, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ahd qildim. Sohaga oid kitoblarni o‘qib chiqdim. O‘tgan yili “Bahor” nomli oilaviy korxona tashkil qildik. Bir tanishimning tavsiyasi va ko‘magi bilan Toshkentdan maxsus dastgoh olib keldik va sovun ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Foydasi yomon emas. Korxonamizda bugun besh kishi doimiy ish bilan band. Kuniga 4000-4500 dona sovun ishlab chiqaryapmiz. Kundan-kunga xaridorlarimiz safi kengayib bormoqda. Hozircha ijarada xizmat ko‘rsatyapmiz. Kelgusida o‘zimizning joyimiz bo‘lsa, sharoitlarni yanada yaxshilab, faoliyatimizni kengaytiramiz.

Rahmatillaning imkoniyati cheklangan, ammo boqimanda emas. Unga uy berildi, biroq bepulmas. Kredit asosida olingan uyning to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirib borish uchun ham harakat qilmoqda.

Husniddin Xoldorov.