Imom Buxoriy xalqaro markazi nashrdan chiqargan kitoblar taqdim etildi
Samarqand davlat universitetida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan 18 turdagi risola va bukletlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’rifiy tadbir islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, milliy va diniy qadriyatlarimizga asoslangan sog‘lom dunyoqarashni mustahkamlash, ayniqsa, yoshlar ongida vatanparvarlik, bag‘rikenglik, ma’rifat va axloqiy mas’uliyat tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur nashrlar jamiyatda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, turli yot g‘oyalarga qarshi ma’rifat bilan javob berishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
- Risola va bukletlar nashr etilishida viloyat hokimligi tomonidan ham moddiy, ham ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev. - Vatanga muhabbat, tinchlik va bag‘rikenglik, jihod va hijrat tushunchalarining asl mohiyati, ota-onaga ehson, farzand tarbiyasi, to‘y va marosim madaniyati kabi 18 ta mavzuni o‘z ichiga olgan buklet va risolalarning har biri 5 ming nusxadan chop etildi. Ularda ko‘tarilgan masalalar zamonaviy ijtimoiy hayot talablariga mos ravishda, sodda va ta’sirchan uslubda yoritilgan.
Ushbu risola va bukletlar taqdimoti jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, turli yot g‘oyalarga qarshi ma’rifat bilan javob berish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ularda ilgari surilgan g‘oyalar insonparvarlik, bag‘rikenglik va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qilib, keng jamoatchilik uchun ishonchli ma’naviy dastur vazifasini o‘taydi.