Imom Buxoriy majmuasida zamonaviy mehmonxonalar quriladi
Payariq tumanining turistik salohiyati yuqori bo‘lgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi atrofini obodonlashtirish va tashqi ko‘rinishini zamonaviylashtirish asosida qaytadan ishlab chiqilgan bosh rejaga asosan, investorlarning mablag‘lari hisobidan zamonaviy mehmonxonalar qurish uchun 30 gektar yer maydoni ajratilib, bu yerda 7 ta mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Payariq tumani hokimining o‘rinbosari Rashid Niyatov ma’lum qildi.
Jumladan, AQShlik investorlar tomonidan “Halol” standartlariga asoslangan mexmonxona qurish uchun «GMFR-Al Buhariy» xorij korxonasiga 1 gektar yer maydoni ajratilib, qurilish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, majmua yonidagi 12 gektar yer maydonida savdo markazi, 2 ta choyxona, supermarket, milliy taomlar oshxonasi, milliy hunarmandchilik buyumlari sotish do‘konlari, bozor, hammom, bolalar o‘yingohi, hamda avtoturargoh quriladi. Hozirda sayyohlarga munosib sharoit yaratish uchun shu mahallada 16 mehmonga mo‘ljallangan bitta mehmon uyi faoliyat boshladi. Tashabbuskor “Zebo-F” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida turistik axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Majmua atrofidagi qurilish ishlari yakunlangach, sayyohlar uchun zamonaviy turizm kompleksi yaratiladi.