Indoneziyaliklar bizni qaysi rakursda ko‘radi?

Shu yilning boshida Madaniyat va turizm vazirligi hamda Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Malayziya hamda Indoneziyada bo‘lib qaytgandi. 

Tashrif davomida o‘zbekistonlik delegatsiya a’zolari Indoneziyaning “NET MEDIA” media tashkiloti rahbari Eko Yuvono bilan ham uchrashib, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyish etish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Ushbu kelishuv sabab, yaqinda Samarqandga mazkur media kanallardan bir guruh jurnalistlar kelib, mamlakatimizda boshqa davlatlarning musulmon ahli ziyorat etishi mumkin bo‘lgan tarixiy obidalar, ziyoratgohlar haqida hujjatli film tayyorlamoqda.

- Samarqandning juda ko‘p tarixiy hududlarini ko‘rdik, tasvirga oldik, - deydi Muslim Travelers  kanali muxbiri Chiki Fawzi. – Mazkur lavhalarimiz aynan Ramazon oyida efirga uzatilishini hisobga olgan holda bu yerdagi buyuk allomalar xoki poylari yotgan muqaddas qadamjolardan ko‘proq lavhalar tayyorlashga harakat qilayapmiz. Samarqandga birinchi kelishim, bu shahar menda o‘zgacha taassurot uyg‘otdi. Odamlar juda xushmuomala, taomlari esa har qanday shirintomoq kishilarni sehrlab qo‘yadi. Samarqanddan so‘ng Buxoroga ham borib, u yerdagi tarixiy obidalarni ham tasvirga olishni rejalashtirganmiz.

Indoneziyada 250 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ziyorat turizmi borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada bir necha xalqaro anjumanlar o‘tkazildi, ko‘p sonli musulmonlar istiqomat qiladigan davlatlar bilan turizm bo‘yicha o‘zaro aloqalar o‘rnatildi. 

Natijada o‘tgan yili  Singapur “Crescent Rating” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan reyting xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston turizmni rivojlantirish borasida kuchli o‘ntalikka kirdi, ya’ni hozirda to‘qqizinchi o‘rinda qayd etilmoqda. Mazkur kompaniya 2015 yildan buyon 140 dan ortiq davlatning ziyorat turizmi bozoridagi o‘rni bo‘yicha reytingini e’lon qilib boradi. Dastlabki tadqiqotlarda O‘zbekiston o‘ttiztalikdan pastda edi. Tashkilot ekspertlari yaqin yillarda bu ko‘rsatkich yana ham yaxshilanishiga, O‘zbekiston dunyo ziyorat turizmi markazlaridan biriga aylanishiga ishonch bildirgan edilar. 

Indoneziyalik hamkasblarimiz tomonidan tayyorlanib, efirga uzatilishi rejalashtirilayotgan mazkur hujjatli film ham aynan shu maqsadga, ya’ni mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarning ortishiga xizmat qilishiga biz ham ishonamiz.

Gulruh MO‘MINOVA.