Ingichka qo‘rg‘onchasida aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan viloyatning chekka hududlarida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Ingichka qo‘rg‘onchasidagi 3-son oilaviy poliklinikasida tashkil etildi. Unda universitetning tajribali professor-o‘qituvchilari hamda universitet klinikalarining malakali shifokorlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan aholi uchun bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘riklarda nevrolog, oftalmolog, akusher-ginekolog, onkolog, terapevt, pediatr, tibbiy genetika va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi 20 ga yaqin tor soha mutaxassislari  ishtirok etdi. Fuqarolar salomatligi holati batafsil tekshirilib, ularga zarur tavsiya va maslahatlar berildi.

Tadbir davomida jami 510 nafardan ortiq aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘riklar jarayonida 170 nafarga yaqin fuqaroda turli kasalliklar va salomatlik bilan bog‘liq muammolar aniqlandi. Ular orasida qon bosimi ko‘tarilishi, yurak-qon tomir, nevrologik, ko‘z kasalliklari hamda ayollar salomatligi bilan bog‘liq holatlar ko‘pchilikni tashkil etdi.

Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatildi, zarur laborator va instrumental tekshiruvlar tavsiya etildi. Shuningdek, murakkab kasalligi mavjud bemorlarga Samarqand davlat tibbiyot universitetining klinikalari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Ayniqsa, keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan fuqarolar, ayollar va bolalarning salomatligini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolarga sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish targ‘ibot ishlari ham o‘tkazildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday tibbiy ko‘riklarning asosiy maqsadi aholiga qulay va sifatli tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash hamda fuqarolarning tibbiy madaniyatini oshirishdan iborat.