Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim: deklaratsiyadan – amaliyotga

Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi o‘z ishini boshladi.

Bundan 5 yil oldin dastlabki Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi tashkil qilinib, inson huquqlari sohasidagi global muammolarning Samarqanddagi muhokamasi yo‘lga qo‘yilgandi. O‘shanda inson huquqlari muhokamasida “Samarqand ruhi” paydo bo‘ldi. 2020 yilda onlayn formatda o‘tkazilgan ikkinchi Samarqand forumi yoshlar huquqiga bag‘ishlandi.

Bu galgi uchinchi Samarqand forumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus asosida inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish muammolari muhokama qilinadi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Global forumni ochar ekan, tadbirni “Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim: deklaratsiyadan – amaliyotga” shiori asosida o‘tkazishni taklif qildi.

Ochilish marosimida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk videomurojaati, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Munir Mamedzade tabrigi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi, elchi Federiko Vilegas videomurojaati, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi tabrigi, Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi boshqarmasi bosh direktori Xristos Giyakumopulos videomurojaati tinglandi. MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev nutqini MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – Ijrochi kotibi Beketjan Jumaxanov o‘qib eshittirdi.

Global forumda xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlarning 100 nafardan ortiq vakili offlayn va onlayn tarzda ishtirok etmoqda. Jumladan, 10 ta xalqaro va 6 ta mintaqaviy tashkilot, 30 davlatdan inson huquqlari bo‘yicha yetakchi xorijiy ekspertlar hamda professor-mutaxassislar qatnashmoqda.

Forum ishtirokchilari safida, shuningdek, 150 ta milliy tashkilotning 2 ming nafardan ziyod vakili bor. Ular asosan 20 ta vazirlik va idoralar, yurtimizning barcha hududlaridan 50 ta oliy ta’lim muassasasi va ilmiy tashkilotlar, 60 dan ortiq fuqarolik jamiyati instituti, jumladan, yoshlar tashkilotlari faollaridan iborat.

Ishtirokchilarga inson huquqlari sohasida ta’lim mavzuiga oid 10 dan ortiq adabiyot hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining maxsus soni taqdim etildi.