“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi

“Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalari normalarini bajarish yuzasidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Bu haqda huquqiy axborot kanali ma’lum qildi. 

BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini bajarishga to‘sqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish asosiy yo‘nalishlardan biridir.

Shuningdek, Farmon bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi (Markaz) Milliy strategiya va “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi.

“Yo‘l xaritasi”da belgilangan mas’ul ijrochilar o‘zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Markazga taqdim etadi.

Farmon bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etildi.

Ko‘krak  nishoni inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladi.