Inson qadri ulug‘lanmagan jamiyat tanazzulga yuz tutadi

Strategiya – uzoq muddatga mo‘ljallangan aniq harakatlarni o‘z ichida jamlagan dasturiy hujjat. Unda davlat siyosatining bir necha yilga mo‘ljallangan aniq rejalari o‘z ifodasini topadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilgan mamlakatimizni 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida bir qancha islohotlar amalga oshirildi. Inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, raqamli hukumatni shakllantirish, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish borasida qator yangiliklar hayotimizga tatbiq etilmoqda.
Mana shu islohotlarning davomi sifatida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilindi. Taraqqiyot strategiyasi yettita ustuvor yo‘nalishlar doirasida yuz maqsadni o‘zida jamlagan. Farmon bilan ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha muhim yangiliklar, jumladan, 2026 yilga qadar ehtiyojmand aholining ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinishi, 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirilishi belgilandi.
Taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yil 1 apreldan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod qilinishi belgilandi. Daromad solig‘i stavkasi 12 % ekanligini hisobga olsak, bu yangilik anchagina pulni farzandlarning yaxshi ta’minoti va ta’limi uchun yo‘naltirilishiga olib keladi.
Taraqqiyot strategiyasida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini joriy qilish uchun tegishli vazirliklarga uch oy muddatda qaror loyihasini kiritish vazifasi yuklatildi. Bu jazoni o‘tab chiqqan fuqarolarning jamiyatga ijtimoiy moslashishi uchun muhim qadam bo‘ladi. Sababi, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ham jazoni o‘tab bo‘lgan tadbirkorlik, hunarmandchilik, me’morchilik kabi yo‘nalishlarda aniq loyihalarga ega bo‘lgan, mustaqil faoliyatni boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning normal hayotga moslashuvlariga ko‘maklashishdir.
Taraqqiyot strategiyasining ikkinchi ustuvor yo‘nalishi mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirishga bag‘ishlangan bo‘lib, u jami sakkiz maqsadni o‘zida jamlagan. Xususiy mulk daxlsizligi xalqaro reytingida mamlakatimizning quyi o‘rinlardan joy olgani hali bu borada katta islohotlar qilish zarurligini yana bir bor isbotladi. Strategiyada bu borada ham so‘z yuritilib, xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, mulkiy, shu jumladan, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlash maqsadida xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, davlat idorasining rasmiy ma’lumotlariga ishonib mulk sotib olgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish tizimini yaratish belgilandi.
Ikkinchi yo‘nalishda qator yangiliklar xususan, sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish tizimini joriy etish o‘rin olgan bo‘lib, bu fuqarolarning, tadbirkorlik sub’yektlarining vaqtini tejash, ortiqcha ovoragarchiliklar va xarajatlardan qutulish uchun muhim yangilik hisoblanadi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish borasida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha patrullik xizmatini tubdan takomillashtirish, shu jumladan, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etgan holda fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga tekshirish uchun olib borish amaliyotidan voz kechish belgilandi. Umuman olganda, sud va huquqni muhofaza qilish organlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, sohani raqamlashtirish yuqorida ta’kidlaganimizdek, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib, byurokratiyani qisqartirishda asosiy o‘rin tutadi.
Xulosa qilib aytganda, taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadi inson qadri, huquqlari va qonuniy manfaaatlari oliy qadriyat ekanligini, barcha islohotlar inson uchun, uning manfaatlari uchunligini e’tirof etishdir. Zero, inson qadri ulug‘lanmagan, uning huquqlari poymol qilingan jamiyat bora-bora tanazzulga yuz tutadi.
Gulnora XUDOYBERDIYeVA.
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.
Maftuna FAXRIDDINOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali 2-kurs talabasi.