Inson qadri, xalq dardi va yurtimiz kelajagi mukammal ta’lim-tarbiyaga bog‘liq

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini faqat chaqiruv va da’vat emas, balki undash, qolaversa, kelgusida qilinadigan ishlarimizning bosh rejasi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Yurtboshimizning zakovatni, bilimni, eng muhimi, ta’limni yuksalishning asosi sifatida ulug‘lashi va ularni davlat dasturida ustuvor vazifa sifatida belgilashi biz, pedagoglar uchun katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki ta’limni rivojlantirmasdan turib mamlakatni rivojlantirib bo‘lmaydi. Bugun yurtimizda ta’lim sifatini oshirish, yosh avlodga har tomonlama ta’lim-tarbiya berish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida ham ta’lim sifatini oshirish, o‘z sohasining yetuk mutaxassislarini tayyorlash uchun kerakli bo‘lgan ko‘plab chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va amaliyotda qo‘llanmoqda.

Davlatimiz rahbari aytganidek: «Bir hayotiy haqiqat – bugun zamon har qachongidan ham tezlashdi». Shu bois zamon talablari asosida ta’lim ham yangilanishi va rivojlanishi zarur, endi ta’lim oluvchilarning ham, ta’lim beruvchilarning, qolaversa, ta’lim mazmuni ham yangilanishi, o‘zgarishi kerak. Biz faoliyat yuritayotgan OTMda ushbu jarayonlar allaqachon boshlab yuborilgan. Negaki, o‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish barchamizning burchimizdir.

Yurtboshimiz o‘z Murojaatnomasida oliy ta’lim mussasalari faoliyatiga alohida to‘xtalib, keyingi yillarda oliygohlarimiz 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetganini, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshganligini ta’kidladi. Son jihatdan bu kichik ko‘rsatkich emas, lekin ta’lim sifati masalasini ham unutmaslik kerakligi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Bunga har bir oliygoh o‘zi harakat qilishi lozim, o‘shanda natija bo‘lishi ham uqtirildi. «Oliygoh rektorlari, professor va o‘qituvchilar bu jarayonlarda faol bo‘lishlari, yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishlari kerak» degan topshiriqlari bizdan o‘z ustimizda ko‘proq ishlashimizni talab qiladi.

Anvar Sobirov,
SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti dekani.